O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o`tadigan majlisida ishtirok etadi.
Rossiya raisligida o`tkaziladigan ushbu uchrashuv kun tartibidan yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida ShHT doirasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari o`rin olgan.
Tashkilotga a`zo va kuzatuvchi davlatlar delegasiyalarining rahbarlari ustuvor yo`nalishlarda ko`p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo`llashi kutilmoqda.
Majlis yakunida ShHT doirasida, shu jumladan xavfsizlikni ta`minlash, iqtisodiy kooperasiya, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq hududlarni rivojlantirish, epidemiyalarga qarshi samarali kurashish va boshqa sohalardagi o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Moskva deklarasiyasi va hujjatlar to`plamining qabul qilinishi rejalashtirilgan.






