Bu haqda Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan «Sirdaryo Xabarlari»ga xabar berildi.
"Boyovut tumani ichki ishlar bo`limi navbatchilik qismining 2020 yil 6 noyabr kuni soat 13:35larda bergan xabariga ko`ra, Boyovut tumani, “Qaropchi” mahallasida yashovchi fuqarolar 1995 yilda tug`ilgan Sh.M. hamda uning turmush o`rtog`i 1999 yilda tug`ilgan D.M. qo`lbola usulda yasalgan pechdan chiqqan iz gazidan kuchli zaharlanib, yashash xonadonida vafot etgan.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma`lumotiga ko`ra, Sh.M. va D.M.larning o`limi is gazidan zaharlanish oqibatida kelib chiqqanligi qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Boyovut tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda", - deyiladi xabarda.
Ma`lumot o`rnida, mazkur holatga doir faol kuzatuvchilarimiz tomonidan «Sirdaryo Xabarlari»ga kelib tushgan mazmunan bir xil bo`lgan xabarlarga ko`ra, vafot etgan marhum va marhumalarning turmush qurishganiga hali bir oy ham bo`lmaganligi, yosh kelin-kuyov ekanliklari aytilmoqda.