1

Enurezdan qutulsa bo`ladimi?

Salomatlik 15.01.2016, 11:58
Enurezdan qutulsa bo`ladimi?

Bolalarning ba`zilarida har kecha, ayrimlari esa kunora yoki  har zamonda o`rnini ho`llab qo`yishadi. Agar bolada kechalari tagini ho`llab qo`yish odatga aylanib, 3-4 yoshgacha , 10-12 va hatto undan katta yoshda ham davom etaversa, bu enurez kasalligidir.

“Signal” qabul qilinmagach...

Bilamizki, bolalar juda serharakat  bo`lishadi. Kunduzi bilan har tomonga chopib yurishadi, o`yinchoqlar bilan o`ynashadi va turgan gapki, tez chanqab, ko`p suyuqlik ichishadi. Kechga borgach esa, charchagancha uxlab qolishadi. Ko`pchilik bolalar uxlagan vaqtlarida  ularning bosh miyalaridagi hamma markazlar tormozlanib qoladi. Natijada bola organizmining hamma a`zolarida bo`shashish vujudga keladi.

Aksariyat bolalarni uxlab yotgan joyidan ko`tarib boshqa joyga yotqizsangiz ham sezishmaydi. Bunday paytda siydik qopining to`la bo`lishi va qovuq mushaklarining bo`shagani hasobiga  bolalar tagini ho`llab qo`yishadi. Bu holatning sabablarini quyidagicha tushuntirish  mumkin.

Birinchi sabab shuki, uxlab yotgan bolalarda tormozlangan bosh miya markazlari organizmning ichki a`zolaridan va tashqi muhitdan kelayotgan impulslar (signallar)ni qabul qilmaydi. Qovuqda siydik to`planib qolganini bildiruvchi signallar ham nazoratsiz qoladi va bolalar siyib qo`yadilar. Bu holat bolalarning yoshlari katta bo`lguniga qadar, ya`ni shartsiz (tug`ma) refleks paydo bo`lguncha davom etadi.

Ikkinchi sababga ko`ra, ayrim bolalar yoshlari katta bo`lishlariga qaramay, kechasi siyib qo`yaveradilar. Bundan tashqari, bel-dumg`aza sohasida va oyoqlarining bukilish joylaria doimiy bo`lmagan og`riqdan shikoyat qiladilar.

Issiqlik muolajalari

Kechasi siyib qo`yadigan bolani davolashda ota-onalar  hushyor bo`lishlari kerak. Bola kunning ikkinchi yarmida suvni va sho`r taomlarni ko`p iste`mol qilmasligiga e`tibor berish lozim.

Bola yotadigan xona va o`rin ko`rpalari me`yorida issiq bo`lsin. Kechqurun uxlaganidan bir-bir yarim soat o`tgach, bolani uyg`otib siydirishga o`rgatiladi. Tavsiya etilgan usullar shartli reflekslar bo`lib, har kuni bir vaqtda bajarib turilsa, asta-sekinlik bilan odatga aylanib, shartsiz refleks paydo bo`lishiga olib keladi. Keyinchalik uxlab yotgan bola qovug`i to`lganini sezib uyg`onadigan, mustaqil ravishda turib siyadigan bo`ladi.

Tavsiya etilgan usullarning ta`siri sezilmay, kechasi siyib qo`yish surunkali davom etsa, bunday bolalar  kasalvand hisoblanadilar. Ularni poliklinika yoki kasalxona sharoitida, mutaxassislar nazorati ostida davolashga to`g`ri keladi.

Alohida tavsiyalar

Bir bog` isiriqni maydalab, bir chelak suvda 20-25 daqiqa qaynatiladi, keyin dokadan suzib, tog`oraga quyiladi. Bolani uxlashdan oldnn shu suvga o`tqazish zarur, suv badanni kuydirmaydigan bo`lsin. Agar suv bolaning beligacha  chiqmasa, ustiga issiq suv quying. Tog`oradagi suvdan cho`michda olib, bolaning elkalaridan quyib turish kerak. Suv sovigach, bolani boshqa suvda yuvintirmasdan, choyshabga o`rab quriting, keyin kiyintiring.

Bola uxlashidan oldin oyog`ining tagiga asal surting. Buning uchun qog`oz yoki sellofan oyoq tagiga mo`ljallab kesiladi, unga asal surtib, oyoq tagiga yopishtirib, ustidan paypoq kiydiriladi. Ertalab olib tashlab, oyoq suvga ho`llangan latta bilan artiladi. Muolaja muddati – ikki oy.

Yotish oldidan bolaning kindigidan boshlab oyog`ining uchigacha qo`y yog`i surtish yaxshi foyda beradi. Buning uchun 400 gramm qo`y yog`ini eritib (jizzani sarg`aytirmay) olib, undan har kuni 1-2 choy qoshig`idan isitib surtiladi ishqalab, tanaga singdirib yuboriladi. Bolaning boshi va yuziga oftob tushirmagan holda badanini oftobda toblash lozim. Buning uchun uni yalang`ochlab, qovug`ini oftobga tutiladi.

Urolog- shifokor Shavkat Usmonov tavsiyalari asosida tayyorlandi

  

 

   

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1