Sayyoramizning eng nufuzli kinomukofoti hisoblangan 93-Oskar taqdirlash marosimining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominasiyasiga O`zbekiston nomidan "O`zbekkino" Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan filmlar - Jahongir Qosimovning “Ibrat”, Ayub Shaxobiddinovning “Rangsiz tushlar” va Yolqin To`ychievning “Faridaning ikki ming qo`shig`i” filmlaridan biri ilgari surilishi kutilmoqda.
“O`zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, O`zbekiston Oskar qo`mitasi 2021 yilning 25 aprel kuni Los Anjeles shaxrining mashhur “Dolby” teatrida bo`lib o`tadigan eng nufuzli marosim tanlovida ishtirok etishi uchun munosib nomzod bo`yicha so`nggi qarorini shu yilning 20 noyabr kuni e`lon qiladi. O`zbekiston Oskar qo`mitasi yangi tarkibdagi a`zolarini tasdiqladi. Qo`mita raisi etib “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov tayinlandi.
Qo`mita a`zolari tarkibidan Zulfuqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbasov, Nigora Karimova, Jahongir Axmedov, Mannop Qo`chqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Bahtiyor Yoqubov, Farruh To`laganov, Eldor Yuldashev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va Qo`mita koordinatori Oybek Abdushukurov o`rin olgan.
Oskar reglamentiga muvofiq mukofotga nomzod filmlarga taqdimot bo`lgunga qadar televidenie va internet tarmog`ida namoyish etilmagan bo`lishi talab qilinadi.
Eslatib o`tamiz, 2019 yil bahorida "O`zbekkino" Milliy agentligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi va O`zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan O`zbekiston Oskar qo`mitasi tashkil qilinib, AQSh kinoakademiyasi tomonidan ro`yxatdan o`tkazilgan. Ilk bor Umid Xamdamovning “Issiq non” filmi O`zbekiston nomidan nufuzli mukofotga ilgari surilgan edi.