“Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida ma'lum qilindi.
Farmonga muvofiq, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududini qisqartirish hisobiga quyidagilar tashkil etildi, deya xabar beradi.
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi;
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi.
Termiz xalqaro savdo markazi hududida, jumladan:
Zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash xizmatlari va elektron savdo portallari tashkil etiladi;
“yagona darcha” va boshqa xizmatlar yo`lga qo`yiladi;
Afg`onistondan kiruvchi shaxslarning, istisno tariqasida, O`zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, shaxsiy va pasport nazoratidan o`tgan holda 10 kun davomida hududda bo`lish tartibi joriy etiladi;
Tadbirkorlar tomonidan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga realizasiya qilinadigan hamda Afg`onistonga olib chiqiladigan tovarlar va xizmatlar eksportga tenglashtiriladi;
Chet el tovarlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda, istisno tariqasida, ushbu tovarlar bilan chakana savdo operasiyalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
Termiz xalqaro savdo markazi hududiga Afg`oniston tomonidan kirish va undan chiqish “Termiz-avtoyo`l” o`tkazish punktidan maxsus texnik vositalari bilan jihozlangan alohida yo`lak (koridor) orqali amalga oshiriladi.