Mazkur savolga bugun AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Nurmat Otabekov javob berdi.
"Albatta bu ehtimol yo`q emas. Men mutaxassis sifatida hozirgi holatni “Aldamchi barqarorlik, aldamchi osoyishtalik” deb baholagan bo`lardim. Demak, biz hushyor bo`lishimiz kerak. Agar salomatligimizga befarq bo`lmasak, kasallikning biron-bir klinik belgilarini sezgan zahoti tibbiyot xodimlariga murojaat qilsak, o`z boshimcha davolanishga urinmasak, uy sharoitida davolanish va karantinda bo`lish qoidalariga rioya qilsak, u holda vaziyatni barqaror ushlab turishimiz mumkin. Aks holda epidemik vaziyat yanada murakkablashishi mumkin. Kuz-qish payti virusli, respirator kasalliklarning mavsumiy ko`tarilish davri xisoblanadi. Bu esa zimmamizdagi mas`uliyatni yanada oshirish kerak deb o`ylayman", deya izoh berdi mas`ul.






