Mahalliy OAVlarda shahrisabzlik 33 yoshli fuqaro ota-onasining ko`z o`ngida "ko`cha bolalari" - bir guruh notanish kishilar tomonidan vahshiylarcha kaltaklangani haqida xabarlar chop etildi.
Qashqadaryo viloyati Axborot xizmati ushbu xabarga izoh berdi.
Aniqlanishicha, shu yil 3 noyabr kuni Yu.Yorboboev boshqaruvida bo`lgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinasini Shahrisabz shahri bo`ylab boshqarib borayotganida O.Uzoqov boshqaruvida bo`lgan “Spark”ni orqa tomonidan urib yuborgan.
Haydovchilar o`zaro gaplashayotganida, shu erdan o`tayotgan J.Bo`riev ularning oldiga kelib: “o`zaro kelishinglar, hozir YXHB xodimlari kelib, ikkalaringni ham olib ketadi” deb aytgan.
Yu.Yorboboev unga: “menga farqi yo`q, sen kimsan, YHXB xodimlarining qo`lidan hech nima kelmaydi, sen bu erdan ket”, degan hamda haqorat qilgan. Shu sababli J.Bo`riev qo`lidagi shisha bilan Yu.Yorboboevning boshiga bir marta urib, tan jarohati etkazgan.
Yu.Yorboboev tan jarohati olib, Kitob tumani Tibbiyot birlashmasi Shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga murojaat qilib, davolanish uchun yotqizilgan. Unga yopiq kalla miya shikasti, bosh miya chayqalishi, boshni tepa sohasida yumshoq to`qimalarni lat eyishi tashxislari qo`yilgan.
Mazkur holat Shahrisabz shahar IIBda qayd etilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi. 11 noyabr kuni Yu.Yorboboev shifoxonadan chiqqanligi sababli sudga oid tibbiy ekspertiza ko`rigidan o`tkazildi.
Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi olingach, unga ko`ra jinoyat ishi qo`zg`atish yoki qo`zg`atmaslik masalasi ko`rib chiqiladi.






