Joriy yilning 20 noyabridan 20 dekabrigacha o`zbek milliy kiyinish madaniyati targ`ibotiga qaratilgan “Nafosat” festivali o`tkaziladi. Bu haqida 12 noyabr kuni Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiyaning matbot anjumanida ma`lum qilindi.
"Festival avvalo, milliy qadriyatlarimizni va ayollar liboslaridagi zamonaviy moda yo`nalishlarini birlashtirib, vijdon va e`tiqod erkinligini hisobga olgan holda o`zbek milliy modasini shakllantirish maqsadida tashkil etilmoqda" deyildi tashkilotchilar tomonidan.
Ammo ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`ldi, jumladan, kiyinish bu - har kimning o`z ixtiyori, degan fikrlar bildirildi.
Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiya ushbu muhokamalar yuzasidan izoh berdi:
"O`zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiyasi faoliyatining maqsadi har bir ayolning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularga o`z imkoniyatlarini amalga oshirish uchun teng imkoniyatlar yaratishdir.
Shu maqsadda Komissiya xotin-qizlarning manfaatlari yo`lida qonun hujjatlarini takomillashtirish, jamiyatning barcha sohalarida xotin-qizlarning rolini oshirish bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Matbuot anjumanida biz jamoatchilik vakillari bilan ushbu muammoli masalalar va ularni hal etish yo`llarini batafsil muhokama qildik.
Biroq “Nafosat” festivalini o`tkazish g`oyasi ijtimoiy tarmoqlarda noto`g`ri qabul qilindi va noto`g`ri talqin etildi.
Shu munosabat bilan, Komissiya xotin-qizlardan bunday tadbirni tashkil etish bo`yicha kelib tushayotgan takliflarni qo`llab-quvvatlaganini vatandoshlarimizga ma`lum qilmoqchimiz".
Qayd etilishicha, festivalni o`tkazishdan ko`zlangan maqsad - xotin-qizlarning zamonaviy qiyofasini yaratish bo`yicha dizaynerlarimiz va stilistlarimizning sa`y-harakatlarini amalga oshirishga yordam berish, shuningdek, xotin-qizlar e`tiboriga kiyim-kechak namunalarini taqdim etishdir. Qanday kiyim kiyishni, shubhasiz, har kim o`zi hal qiladi.
"Komissiya inson qadr-qimmatini kamsitishga qarshi. Festivalning o`tkazilishi xotin-qizlarni biror-bir harakatga majburlash yoki ularga biror-bir g`oyani singdirishga qaratilgan emas", deyiladi Komissiya izohida.