Davlat tilini bilish darajasi bo`yicha sertifikatni joriy etish to`g`risida Vazirlar Mahkamasi qarori Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga muhokama uchun qo`yildi.
Loyiha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
- 2021 yil 1 apreldan boshlab o`zbek tili va adabiyoti bo`yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda mas`ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimini joriy etish;
- 2023 yil 1 yanvardan boshlab rahbar kadrlar hamda mas`ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasi bo`yicha sertifikatga ega bo`lishini majburiy etib belgilash;
- Rahbar kadrlar hamda mas`ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar davlat tilini bilish darajasi bo`yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o`qitish va malaka oshirish markazida o`zbek adabiy tili me`yorlari va davlat tilida ish yuritish bo`yicha qisqa muddatli o`quv kurslarida malaka oshirishlari talab etiladi.
Rahbar kadrlar hamda mas`ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga sertifikat berish Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Qaror loyihasi muhokamasi shu yilning 28 noyabrigacha davom etadi.






