AsosiyJamiyat

Sirdaryo viloyatida tibbiy sug`urta mexanizmlari tajribadan o`tkaziladi

'Sirdaryo viloyatida tibbiy sug`urta mexanizmlari tajribadan o`tkaziladi'ning rasmi

Sirdaryo viloyatida sog`liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlarini joriy etish bo`yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi. Bu Prezidentning tegishli qarorida belgilandi. 

Ushbu tajriba-sinov loyihasi doirasida:

  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o`rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yo`nalishlari bo`yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuziladi;
  • har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi (keyingi o`rinlarda – kafolatlangan paket) ishlab chiqiladi;
  • kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O`zbekiston fuqarolari, O`zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga taqdim etiladi. Kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko`rsatiladi;
  • sog`lig`i bilan bog`liq ko`rsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun resept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo`naltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarining eng muhim samaradorlik ko`rsatkichlari (KPI) ishlab chiqilib, unga erishilganligi monitoring qilinadi hamda natijalariga qarab qo`shimcha rag`batlantirish to`lovlari to`lanadi;
  • kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va to`liq tibbiy yordam ko`rsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

 

2020 yil 1 dekabrdan Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi tashkil etiladi.

Guliston tibbiyot kolleji negizida tibbiyot oliy ta`lim muassasasini tashkil etish uchun xususiy sektor jalb qilinadi.

    Boshqa yangiliklar