1

Samarqanddagi “Konigil” fuqarolar yig`iniga “turizm qishlog`i” maqomi berildi

Jamiyat 15.11.2020, 00:00
Samarqanddagi “Konigil” fuqarolar yig`iniga “turizm qishlog`i” maqomi berildi

Samarqand viloyatining Samarqand tumanida joylashgan “Konigil” fuqarolar yig`iniga “turizm qishlog`i” maqomini tasdiqlovchi sertifikat topshirildi. Sertifikatni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov fuqarolar yig`ini raisiga taqdim etdi.

Qishloq aholisi hunarmandchilik, qishloq xo`jaligi, chorvachilik va mehmondo`stligi bilan mashhurdir. Majmua hududida mehmonlarni qabul qilish va ularga xizmat ko`rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Oilaviy mehmon uylari, dam olish zonalari, piyoda yo`laklari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqalar shular jumlasidan. Bu erda sayyohlar dam olishi, go`zal tabiatdan bahra olishi, Siyob anhori bo`ylab sayr qilishi va milliy taomlardan tatib ko`rishi mumkin. Dunyoga mashhur Samarqand qog`ozini ishlab chiqarishdan tashqari, mashhur “Konigilmeros” hunarmandchilik markazida kulollar, duradgorlar, qadimgi an`analar asosida o`simlik yog`ini ishlab chiqarish ishlari yo`lga qo`yilgan.

Shunisi e`tiborliki, “Konigil”ga tashrif buyurgan har bir mehmonda shu joyning o`zida ishlab chiqarilgan yog`da tayyorlangan oshni tatib ko`rish imkoniyati bor. Qishloq hududida mehmonlar uchun Samarqand nonlarini tayyorlash bo`yicha mahorat darslari o`tkaziladigan nonvoyxona faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, bu erda mahalliy an`analarni aks ettiradigan animasiya markazlari faoliyat yuritadi. Yuqoridan turib go`zal tabiat manzarasidan bahra olishni xush ko`ruvchilar uchun maxsus pavilon mavjud.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1