AsosiyJamiyat

40dan ortiq imloviy xato bilan rasmiy xat chiqargan Yangibozor tumani XTB mudiri ogohlantirildi, uni tayyorlagan metodistga xayfsan berildi

'40dan ortiq imloviy xato bilan rasmiy xat chiqargan Yangibozor tumani XTB mudiri ogohlantirildi, uni tayyorlagan metodistga xayfsan berildi'ning rasmi

Ijtimoiy tamroqlar va OAVda Yangibozor tumani xalq ta`limi bo`limi xatida 40 dan ortiq xato topilganligi haqida xabar va mazkur xat surati keng muhokama etilmoqda. 

 Xorazm viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan holat o`rganilgani ma`lum qilindi. 

Tezkor surishtiruv natijasida 2020 yil 10 noyabr kuni Yangibozor tumani xalq ta`limi bo`limiga tegishli 01/7-13-11-869-sonli xat tuman xalq ta`limi bo`limi amaliy fanlar metodisti O`.Shomuratov tomonidan imlo xatolarga yo`l qo`ygan holda tayyorlanib, tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri F.Amanbaev tomonidan e`tiborsizlik bilan imzolanganligi va ijroga yo`naltirilganligi aniqlandi.  

Tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri F.Amanbaev lavozim vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun ogohlantirildi va yuqoridagi holatga qayta yo`l qo`ymaslik lozimligi bo`yicha tushuntirildi.

Tuman xalq ta`limi bo`limi nafaqadagi amaliy fanlar  metodisti O`.Shomuratov idora hujjatini tayyorlashda o`zbek adabiy tilining amaldagi qoidalari va normalariga amal qilmaganligi uchun tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo`llanildi.

Xorazm viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan barcha tuman, shahar xalq ta`limi bo`limi xodimlariga yuqoridagi kabi holatlar qayta sodir bo`lmasligi uchun o`z lavozim majburiyatlariga mas`uliyat bilan yondashishlari, hujjat yuritishda Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 24 avgustdagi 339-sonli qarori bilan tasdiqlangan "O`zbek tilining asosiy imlo qoidalari"ga qat`iy amal qilishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, xatda keltirilgan "Yoshlik" jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a`zolik badalining yig`ilishi bo`yicha quyidagilarni ma`lum qilamiz, deyiladi xabarda. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 1 avgustdagi “O`zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi 210-son qaroriga hamda Ustaviga asosan jamiyatning asosiy mablag`lari a`zolarining a`zolik badallaridan tushgan mablag`lardan shakllantirilishi, ixtiyoriy ravishda o`quvchi-yoshlar uchun a`zolik badali yiliga bir marotaba eng kam oylik ish haqining ikki foizi, pedagog va boshqa xodimlar uchun a`zolik badali yiliga bir marotaba eng kam oylik ish haqining to`rt foizi miqdorida yig`ilishi belgilab qo`yilgan.

A`zolik badali yig`ilishi ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi va a`zolik badallaridan tushgan mablag`larning 25 foizi boshlang`ich tashkilot, 25 foizi tuman (shahar) bo`linmalari, 25 foizi mintaqaviy bo`limlar va 25 foizi jamiyatning Markaziy kengashi xarajatlarini qoplash uchun yo`naltiriladi.

 

Xorazm viloyat xalq ta`limi boshqarmasi  axborot xizmati

    Boshqa yangiliklar