«O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» multimedia loyihasi ko`p yillik ilmiy izlanishlarini butun dunyo bo`ylab O`zbekiston madaniyati va ilm-fanini o`rganishga bag`ishlagan olimlar videoma`ruzalarini o`zining YouTubedagi kanalida e`lon qiladi.
Professor, san`atshunoslik fanlari doktori, «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasining ilmiy mutasaddisi Elmira Gyul videoma`ruzalar yaratilishi va ahamiyati to`g`risida so`zlab berdi.
– Barchaga ma`lumki, «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi o`z faoliyatining ilk kunlaridanoq xorij kutubxonalarida, muzeylarida va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan mamlakatimiz madaniyati va san`ati yodgorliklari to`g`risidagi ma`lumotlarni to`plashga yo`naltirilgan edi. Biroq ma`lumot to`plashning o`zi etarli emas, albatta.
Merosning ushbu qismi ahamiyatini anglash, uni O`zbekiston san`ati tarixiga qo`shish dolzarb ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan loyiha mintaqamiz madaniyatini o`rganuvchi dunyoning etakchi olimlari, mutaxassislari va mutasaddilarini ma`lum kolleksiyalar va yodgorliklar bilan bog`liq maqolalar tayyorlashga jalb qildi. Tez orada ushbu ishda ishtirok etgan barcha olimlarni bitta tuzilmaga birlashtirish g`oyasi vujudga keldi – O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati shu tarzda dunyoga keldi. Har yili ushbu jamiyat homiyligida xalqaro kongresslar o`tkaziladi. Bunday kongresslar shu kungacha Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz va Sankt-Peterburgda bo`lib o`tdi. Natijada loyiha ilmiy tadqiqotlar va munozaralar maydoniga aylandi.
«O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi multimedia shaklida bo`lganligi sababli, olimlarning nutqlari videoga yozib olinadi. Natijada, loyihaning YouTubedagi kanalida Videoma`ruzalar rukni ostida joylashtirilgan videochiqishlarning boy arxivi shakllandi.
Loyiha o`zbek, ingliz va rus tillarida ish olib boradi. Ma`ruzachilarning aksariyati ingliz va rus tillarida nutq so`zlaganligi sababli, ularning chiqishlari o`zbek tiliga tarjima qilinadi. Shunday qilib, videoma`ruzalarni ulkan ta`lim bazasining to`plami, deb hisoblash mumkin, bu to`plamda dunyoning etakchi mutaxassislari arxeologiya, san`atshunoslik, sharqshunoslik va boshqa ilmiy yo`nalishlarning dolzarb muammolari bo`yicha ma`ruzalar taqdim etadilar, – deydi Elmira Gyul.
Sir emaski, yurtimiz ta`lim muassasalari turli sabablarga ko`ra o`zbek tilidagi gumanitar fanlarga oid ilmiy adabiyotlar tanqisligini boshdan kechirmoqda. Shu munosabat bilan loyihaning videoma`ruzalari birinchi navbatda respublika oliy ta`lim muassasalari va maktablarga ko`mak uchun yo`naltirilgan.
«O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasining kitob-albomlari kabi «O`zbekistonning butunjahon madaniy merosi» loyihasi hamda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati tomonidan o`tkazilgan kongresslar doirasidagi videotaqdimotlar mamlakatimiz ilm-fani va ta`limiga salmoqli hissa qo`shib kelmoqda.
Ta`kidlash joizki, 2020 yilda xorijiy va mahalliy olimlar – arxeologlar, sharqshunoslar, san`atshunoslarning videoma`ruzalarini O`zbekiston nodavlat telekanallarida namoyish etish loyiha faoliyatining muhim bosqichlaridan biri bo`ldi. Mamlakatimiz o`quvchilari va oliy o`quv yurtlari talabalari e`tiboriga 100 dan ortiq noyob ilmiy izlanishlar, kashfiyotlar va faktlar taqdim etildi.
«O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasining videoma`ruzalarini YouTube kanalidagi Videolektoriy pleylistida tomosha qilishingiz mumkin.
O`zbek tilidagi video ma`ruzalarga havola:
https://www.youtube.com/watch?v=yo4ujiatO8g&list=PLICehKsLzxm3--SktO1bXjW9zMUN0G-qg&index=1
Rus tilidagi video ma`ruzalarga havola:
https://www.youtube.com/watch?v=96WXNc9ik_8&list=PLICehKsLzxm2atqCwbXc1KAUk60oFgLcL






