AsosiyJamiyat

Byudjet mablag`laridan samarali foydalanish maqsadida davlat xaridlari tizimi yanada takomillashtirilmoqda

'Byudjet mablag`laridan samarali foydalanish maqsadida  davlat xaridlari tizimi yanada takomillashtirilmoqda'ning rasmi

So`nggi paytlarda davlat mablag`lari sarflanishiga nisbatan fuqarolarda jamoatchilik nazorati kuchayib bormoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari, vazirliklar, mahalliy hokimiyatlar yoki davlat ulushiga esa tashkilotlar tomonidan asossiz, qimmat yoki korrupsiya ehtimoli yuqori bo`lgan xaridlar amalga oshirilganligiga oid xabarlar muhokamalarga sabab bo`layotganida ham ko`rish mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev   bu e`tirozlar davlat xaridlariga oid amaldagi qonunchilikda kamchiliklar mavjudligi, xaridlar etarlicha ochiq va shaffof emasligi, korrupsiyaga keng imkoniyat qoldirishini anglatayotganligini aytdi.

Uning ta`kidlashicha, davlatimiz rahbarining PF-5729-sonli farmoniga asosan davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash, xaridlar jarayonini soddalashtirish va raqamlashtirish, korrupsiya holatlarini bartaraf etish, shuningdek, davlat xaridlari tartibini buzganlik uchun javaobgarlik belgilash va ular ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutuvchi “O`zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonunning yangi loyihasi Moliya Vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Oliy Majlis qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilgan.

Deputatning sharh berishicha, yangi Qonun loyihasida demokratik prinsiplarga asoslangan bir qator ijobiy takliflar ilgari surilmoqda. Xususan, «Olmaliq KMK» AJ, «O`zbekneftgaz» AJ, «O`zbekiston temir yo`llari» AJ va «Uzbekistan Airways» AJ kabi strategik ahamiyatga ega bo`lgan 24ta yirik xo`jalik jamiyatlari va korxonalar xaridlari ham endi qonunga muvofiq belgilangan tartib asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Ma`lumot uchun, ushbu strategik ahamiyatga ega xo`jalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan 2019 yilda 47 599 mlrd. so`mlik yoki YaIMning 9,3 foiziga teng davlat xaridlari amalga oshirilgan. Bu esa o`tgan yilgi jami davlat xaridlarining 48 foiziga teng.  

-- Amaldagi qonunchilikka muvofiq korporativ buyurtmachilar sifatida davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo`lgan yuridik shaxslar hamda ular 50%dan ortiq ulushga ega bo`lgan yuridik shaxslar belgilangan. Lekin amaliyotda ushbu tashkilotlar tomonidan “nabira”  tashkilotlar yoki ulushlar yig`indisi sifatidagi tashkilotlar tashkil etish holatlari kuzatilmoqda. Misol uchun, “O`zavtosanoat” AJ 100 % davlat ulushiga ega yuridik shaxs va o`z navbatida jamiyat “Uzavtokomponents” MChJda 100 % ulushga ega.  “Uzavtokomponents” MChJ esa “UzAutoMotors”ga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “Uzsungwoo” MChJ, “Uz-Koram kompani” MChJ va “Avtooyna” MChJ kabi bir qator korxonlarada ulushga (50%dan ortiq) ega. Lekin amaldagi tartibga ko`ra bu kabi davlat ulushiga ega "nabira" korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan xaridlar ustidan nazorat o`rnatish imkoni yo`q, natijada bu korxonalar xaridlarlarida korrupsiyani rivojlanishiga hamda asli davlatniki bo`lgan mablag`larning osonlikcha talon-taroj qilinishiga imkoniyat qoldirmoqda. Shu sabab, yangi qonun loyihasida davlat ulushi bevosita eki bilvosita 50%dan ortiq bulgan barcha turdagi korxonalar ham endi davlat, korporativ buyurtmachi sifatida belgilash kuzda tutilmoqda (davomi keyingi postda).

Amaldagi Qonunga muvofiq hozirda xaridlarning faqatgina 2 ta turi (elektron do`kon va auksion) elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan bo`lsa, yangi Qonun loyihasida davlat xaridlarini amalga oshirishning barcha turlari, shu jumladan, tender, eng yaxshi takliflarni tanlash savdolari o`rnatilgan tartibda elektron shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu esa xaridlarda inson omili ishtirokini qisqartirishga  imkon yaratadi, - deydi xalq vakili.

 

Qonun loyihasida Davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlik sub`ektlarining asl egalari kimligiga oid ma`lumotlar ham jamoatchilikdan yashirilishiga chek qo`yish ham nazarda tutilgan. Aytilishicha, ya`ni bu sohada shaffoflikni ta`minlash va korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida benefisiar mulkdorlar to`g`risidagi ma`lumotlar ochiqlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, aksariyat davlat buyurtmachilarining e`tirozlaridan kelib chiqib, xaridlarni amalga oshirish muddatlari qisqartirilmoqda (masalan, elektron bozor 48 soatdan bir ish kuniga, auksionlar kamida o`n kunlik talabdan kamida besh kunga).

Bundan tashqari, Davlat xaridlari to`g`risidagi barcha ma`lumotlardan keng jamoatchilikning erkin foydalanish imkoniyati yaratish maqsadida davlat xaridlariga oid barcha ma`lumotlarni jamlash, tahlil qilish va monitoring yuritish imkoni beruvchi maxsus axborot portalining yaratilishi ko`zda tutilmoqda. Shuningdek, Maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtiriladi.

Davlat xaridlari to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat xaridi subektlari va ularning mansabdor shaxslariga javobgarlik belgilash maqsadida MJT Kodeksning tegishli o`zgartishlar kiritilmoqda.

Deputat Byudjet mablag`laridan samarali va maqsadli foydalanish parlament nazorati rolini oshirish maqsadida amalga oshirilgan barcha davlat xaridlari ustidan Hisob palatasi tomonidan auditdan o`tkazilishi va har yilning yakuni bo`yicha audit natijalarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi hamda ochiq axborot manbalarda e`lon qilib borilishini aytgan.

Ma`lum bo`lishicha, hozirda Qonun loyihasi fraksiyalar tomonidan ko`rib chiqilmoqda hamda Palataning navbatdagi yalpi yig`ilishida birinchi o`qishda konseptual jihatdan muhokama qilinishi kutilmoqda. Mas`ul deputat sifatida Qonun loyihasini yalpi yig`ilish muhokamalariga tayyorlash  Doniyor G`anievga biriktirildi. Shu bois, qonun loyihasi, umuman davlat xaridlari sohasi bo`yicha asoslangan taklif va mulohazalaringiz bo`lsa,  deputatga yuborishingiz mumkin.Deputat imkon qadar berilgan asoslangan takliflarni o`rganib, qonun loyihasida aks ettirishga harakat qilishini bildirdi. 

 

    Boshqa yangiliklar