AsosiyJamiyat

Andijonda aliment bo`yicha qarzdorlikni to`lab bergan ota javobgarlikdan ozod etildi

'Andijonda aliment bo`yicha qarzdorlikni to`lab bergan ota javobgarlikdan ozod etildi'ning rasmi

Har qanday mamlakat o‘z kelajagini yoshlar timsolida aniqrog‘i, ularni jismoniy va maʼnaviy jihatdan barkamol qilib voyaga yetkazishda ko‘radi.

Shu o‘rinda fuqarolarning farzand tarbiyasida o‘z huquq va erkinliklarini bilishi va amalda qo‘llashi ularning konstitutsiyaviy huquq va majburiyati bo‘lib, bu jarayon milliy qonunchiligimizda aniq belgilab qo‘yilgan. Shu jumladan ota-ona o‘zi dunyoga keltirgan farzandlarini voyaga yetgunicha tarbiyalash va taʼminlashga masʼuldir. Bu burchdan bo‘yin tovlaganlar, oilasidan voz kechib, norasida bolalarning qonuniy huquqlarini nazar-pisand qilmaganlar sud oldida javob beradi.

Xususan Andijon viloyati Ulug‘nor tuman maʼmuriy sudida yana bir otaning voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminotiga masʼul ekanligi eslatib qo‘yildi va bu fuqaro o‘z zurriyodi taqdiriga befarq emasligini isbotladi.

Bu holatda M.X. (shaxsi o‘zgartirilgan) fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston (Bo‘z) tumanlararo sudining 2014 yil 07 yanvardagi sud buyrug‘iga asosan bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun undiruvchi J.K. (shaxsi o‘zgartirilgan) foydasiga farzandi voyaga yetguniga qadar har oylik topgan daromadining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment to‘lashi lozim bo‘lsa-da, 2016 yilning 1 martidan 2020 yilning 1 noyabriga qadar jami 19.666.867 so‘m miqdordagi aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.

Ulug‘nor tuman maʼmuriy sudining raisi Vaxobjon Siddiqov tomonidan 2020 yil 13 noyabr kuni olib borilgan ochiq sud majlisida M.X.ga oid maʼmuriy ish ko‘rib chiqilib, sudning yakuniy qaroriga ko‘ra, 
M.X. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi 1-qismida (Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi.

Bu fuqaro aliment qarzdorligini undiruvchi J.K.ga to‘lab berganligi sababli, ushbu moddaning 2-qismiga (Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi) asosan, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 10-bandi (huquqbuzarlikning oqibatlari bartaraf etilgan taqdirda shaxsni javobgarlikdan ozod etish ushbu Kodeksning tegishli moddasi nazarda tutilgan bo‘lsa) tartibida javobgarlikdan ozod etildi.

Bu haqda Ulug‘nor tumani maʼmuriy sudi raisi Vaxobjon Siddiqov xabar xabar berdi.

"Voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligini, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligini, bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qishini taʼminlashi shart ekanligini barcha tushunishi kerak", deydi huquq himoyachisi.

    Boshqa yangiliklar