AsosiyJamiyat

O`zbekistonning 6 ta viloyatidagi 26 ta ko`prikning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan

'O`zbekistonning 6 ta viloyatidagi 26 ta ko`prikning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan'ning rasmi

Respublikadagi ko`priklar holati o`rganilganda, daryo va soylarning o`zanlaridan – tosh, qum va shag`alning nazoratsiz va noqonuniy ravishda qazib olinishi natijasida, ayrim ko`priklarning oraliq tayanchlari kritik qiymatlardan ortiqcha yuvilib ketganligini aniqlandi. Bu haqda O`zbekiston respublikasi transport vazirligi huzuridagi Yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi xabar bermoqda. 

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-sonli “O`zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo`llarida xavfsizlikni ta`minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining 26-bandiga ko`ra, daryolardagi ko`priklardan – o`zan bo`ylab yuqoriga va pastga qarab 2,5 kmgacha bo`lgan masofada qum va toshlar qazib olish uchun karerlar barpo etish ta`qiqlangan.

Mazkur talab bajarilmaganligi oqibatida, suv o`zani sathining pasayishi sababli Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida barpo qilingan jami 26 ta ko`prikning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi – Qoradaryo, Zarafshon, Oqdaryo, “Darg`om” kabi daryo va kanallar ustiga qurilgan 10 ta, Surxondaryo viloyatidagi – Obizarang, To`palang, Surxon, Oltinsoy daryolari ustidan o`tgan 6 ta, Qashqadaryo viloyatidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi – Sangzor daryosi ustidan o`tgan 3 ta, Toshkent viloyatidagi – Chirchiq va Angren daryolari ustidan o`tgan 2 ta hamda Andijon viloyatidagi Aravonsoy ustidan o`tgan 1 ta ko`prik joylashgan o`zanlarda karerlar faoliyati tugatilmagan. Ya`ni ular noqonuniy ravishda o`z faoliyatlarini davom ettirmoqda. Bundan tashqari mazkur ko`priklarni saqlashga mas`ul bo`lgan korxonalar tomonidan – ularni ta`mirlash, tayanchlarini himoyalash bo`yicha lozim bo`lgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

"Inspeksiya tomonidan – ko`priklarning tayanchlarini yuvilishdan saqlash, yaroqsiz holga kelib qolishining oldini olish, noqonuniy karerlar faoliyatiga chek qo`yish bo`yicha – Vazirlar Mahkamasiga ham tegishli axborotlar kiritildi. O`z navbatida hukumat tomonidan – sohaga mas`ul idoralar rahbarlari qattiq ogohlantirilib, ko`priklar joylashgan daryo o`zanlarini tozalash, u erlardagi karerlar faoliyatini tugatish, bu ishlarni qat`iy tartibda amalga oshirish bo`yicha amaldagi me`yoriy hujjatlarga zaruriy o`zgartirishlar kiritish, ko`priklarning tayanchlarini himoyalash va ta`mirlash yuzasidan tezkor choralar ko`rilishi bo`yicha ko`rsatmalar berildi" deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar