Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlandi, deya rasmiy bayonot berdi Bosh prokuratura Matbuot xizmati.
Tergov davomida 5 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 116 (Kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik), 167 (O`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 209 (Mansab soxtakorligi), 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan ayb e`lon qilingan.
Hozirda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Jinoyat ishlari bo`yicha Chirchiq shahar sudiga mazmunan ko`rib chiqishlik uchun yuborildi, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo`ldosheva 8 sentyabr kuni hibsga olingan edi. Shundan so`ng, Bosh prokuratura tomonidan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo`ldoshevaga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi o`rganib chiqilib, Chirchiq shahar prokurori tomonidan sudga tegishli iltimosnoma yuborilgan edi. Natijada sud unga nisbatan qo`llanilgan “qamoq ehtiyot” chorasini “uy qamog`i” ehtiyot chorasiga o`zgartirgan edi.
Mavzuga doir:
Guljahon Yo`ldosheva qamoqdan chiqqan kuni boshqa shifokor «tiqib» qo`yildi






