AsosiyJamiyat

O`zbekiston banklari baholandi: 6 ta bankning xizmat ko`rsatishi mijozlar ehtiyojlarini qoniqtirmaydi

'O`zbekiston banklari baholandi: 6 ta bankning xizmat ko`rsatishi mijozlar ehtiyojlarini qoniqtirmaydi'ning rasmi

Markaziy bank Toshkent shahrida mijozlarga xizmat ko`rsatish sifatini baholash yuzasidan bank xizmatlari iste`molchilari o`rtasida so`rovnoma o`tkazdi.

Mazkur so`rovnoma tijorat banklari mijozlari bilan yuzma-yuz savol-javoblar shaklida o`tkazilib, unda 1 092 ta respondent ishtirok etdi (450 nafar jismoniy shaxs va 642 nafar tadbirkorlik sub`ekti).

Tijorat banklarida bank xizmatlarini ko`rsatish sifatini baholash yuzasidan so`rovnoma 4 ta mezon (ishonchlilik, ko`nikma, hozirjavoblik hamda mijozlarni qo`llab-quvvatlash) asosida o`tkazildi.

O`rganish natijalariga ko`ra, iste`molchilar tomonidan 5 ta bankda (Ipak yo`li bank, Aziya Alyans bank, Invest Finans bank, Orient Finans bank, Kapitalbank) xizmat ko`rsatish sifati boshqa banklarga nisbatan “yaxshi”, 8 ta bankda esa (O`zsanoatqurilishbank, O`zmilliybank, Trastbank, Hamkorbank, Aloqabank, Ipoteka-bank, Turonbank, Asaka bank) ko`rsatilayotgan xizmatlar “qoniqarli” deb baholandi.

Shuningdek, respondentlar fikriga ko`ra, Poytaxtbank, Mikrokreditbank, Qishloq qurilish bank, Agrobank, Xalq banki va Davr-bank tomonidan ko`rsatilayotgan xizmatlar sifati mijozlarning ehtiyojlarini “qoniqtirmaydi”.

Natijalar bank xizmatlari iste`molchilarining so`rovnoma davomida bildirilgan fikrlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan va Markaziy bankning pozisiyasi hisoblanmaydi.

Markaziy bank banklar tomonidan ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash bo`yicha tadbirlarni bank xizmatlari iste`molchilari o`rtasida davriy so`rovnomalar o`tkazish orqali davom ettiradi hamda o`rganish natijalarini Markaziy bankning kommunikasiya kanallari orqali keng jamoatchilikka taqdim etadi.

Kelgusida Markaziy bank tomonidan tijorat banklarida bank xizmatlarini ko`rsatish sifatini baholash vositalarini kengaytirish, shu jumladan, “sirli mijoz” mexanizmidan foydalanish hamda sohaga ilg`or xalqaro standartlarni joriy etish rejalashtirilgan, deyiladi MB Matbuot xizmati xabarida. 

 

    Boshqa yangiliklar