AsosiyJamiyat

O`zbekiston yuborgan 3 ming tonna bug`doy Qirg`izistonga etib bordi. Yaqinda yana shifoxona konteynerlari ham yuboriladi

'O`zbekiston yuborgan 3 ming tonna bug`doy Qirg`izistonga etib bordi. Yaqinda yana shifoxona konteynerlari ham yuboriladi'ning rasmi

Xabaringiz bor, bir kun oldin Andijon stansiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan birodar qirg`iz xalqini qo`llab-quvvatlash tadbiri doirasida tashkil etilgan gumanitar yuk yuborilgan edi. Yuk poezdiga 3 ming tonna bug`doy yuklagan. "O`zbekiston temir yo`llari" aksiyadorlik jamiyati ko`magi bilan poezd qo`shni davlat O`sh shahridagi stansiyaga etkazildi.

– Biz mamlakatimiz rahbariyatining topshirig`i bilan yuborilgan gumanitar yordamni etkazib berdik, – deydi Xusnitdin Xosilov, "O`zbekiston temir yo`llari" AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchisi. – Bu birinchi yuborilgan poezd bo`lib, yaqin orada ixtisoslashtirilgan shifoxona konteynerlarini o`z ichiga olgan yana ikkita poezd jo`natish rejalashtirilmoqda. Ular temir yo`l orqali O`sh va Bishkek shaharlariga boradilar. Shunisi e`tiborliki, konteyner shifoxonalari tajribasi O`zbekistonda sinovidan o`tgan va o`zini yaxshi ko`rsatdi. Shu kunlarda O`zbekistondan Qirg`izistonga samolyot orqali tibbiy yuk (uskunalar va dori-darmon vositalari) etib kelgan bo`lib, ular ushbu konteyner shifoxonalari uchun mo`ljallangan. Shuningdek, COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va davolashda yordam berish uchun o`zbekistonlik shifokorlarini yuborish ham rejalashtirilgan.

 Bug`doy ortilgan poezdni kuzatib borgan O`zbekiston delegasiyasini kutib olgan mutasaddilar, pandemiya davrida mamlakatimiz tomonidan ko`rsatilgan ko`magi juda dolzarb ekanligini ta`kidladilar va ko`rsatilayotgan yordam uchun O`zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirdilar.

– Ma`lumki, 14 noyabr kuni Qirg`iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Sadir Japarov O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan telefon orqali muloqot qildi, – deydi Jarasul Abduraimov, Qirg`iziston Respublikasi Hukumatining O`sh viloyatidagi muxtor vakili. – Bugun esa biz gumanitar yukni qabul qilmoqdamiz. Tezkorlik bilan ko`rsatgan yordam uchun o`z minnatdorchiligimizni bildirmoqchimiz. Biz o`zbek xalqiga farovonlik va sog`lik-salomatlik tilaymiz, xalqlarimiz do`stligi abadiy bo`lsin!

    Boshqa yangiliklar