Rossiyada 2021 yil uchun xorijiy ishchi kuchini jalb qilish parametrlari belgilandi. Ma`lum bo`lishicha, Rossiyada ishchi kuchini jalb qilishda keyingi yilda 50 foiz holatda xorijiy ishchilarga ehtiyoj bor. Bu haqda Tashqi migrasiya agentligi rasmiy kanalida ma`lum qildi.
Aytilishicha, Rossiya Federasiyasi hukumatining 2021 yilda soha va hududlar kesimida xorijiy ishchi kuchini jalb qilish parametrlarini tasdiqlovchi qarori qabul qilingan.
Unga ko`ra, o`rmonchilik, yog`och tayyorlash, yog`ochni qayta ishlash, sabzavot etishtirish ishlarida xorijiy ishchilarning ulushi 50 foizni tashkil etishi mumkinligi belgilangan.
Qurilishda bu miqdor 80 foizni, quruqlikdagi yo`lovchilar transportida, shu jumladan, yuk tashish transportida 24 foizni tashkil qiladi.
Shu bilan birga, qurilishdagi miqdor Buryatiya, Dog`iston, Amur viloyati va Moskvaga daxl qilmasligi belgilangan. Dog`iston uchun bu ulush 50 foizni tashkil etadi.
Ko`chmas mulk boshqaruvida rag`batlantirish yoki kelishuv shartnomasi asosida 70 foizgacha yollanma ishchi kuchi jalb etilishiga ruxsat berilgan.
Migrantlarning 70 foizi JKX sohasiga binolar va hududlarga xizmat ko`rsatish bo`yicha ishga joylashishlari mumkin bo`ladi.






