O`zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Elchixonasi Turkiyada bo`lib turgan yoki mazkur davlatga borishni rejalashtirayotgan O`zbekiston fuqarolari diqqatiga muhim ma`lumotni taqdim etmoqda.
Keltirilishicha, 2020 yil 17 noyabr kuni Turkiya Respublikasi rasmiy hokimiyat idoralari yangi turdagi COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida karantin choralari kuchaytirilganini ma`lum qildi.
Yangi cheklovlar 2020 yil 20 noyabrdan kuchga kiradi.
Bundan avvalroq 65 yoshdan katta fuqarolarning ko`chaga chiqishlariga o`rnatilgan cheklovlar endi 20 yoshdan kichik shaxslarga nisbatan ham qo`llaniladi.
Mamlakatda dam olish kunlari uydan chiqishga qisman taqiq joriy etilmoqda. Mamlakat bo`ylab dam olish kunlari qisman komendantlik soati ham amal qiladi. Aholiga faqat mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha ko`chaga chiqishga ruxsat beriladi.
Jamoatchilik muassasalari, bozorlar, savdo markazlari, do`konlar, restoranlar, kafelar, sartaroshxonalar hafta davomida soat 10:00 dan soat 20:00 gacha ishlaydi. Restoranlarga faqat buyurtmalarni etkazib berish yo`nalishida faoliyat ko`rsatishga ruxsat etilmoqda. Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo`ladi. O`yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlari hozirgi vaqtdagidek tomoshabinlarsiz o`tkaziladi.
Maktab o`quvchilari va talabalar uchun masofaviy o`qitish 2020 yil oxirigacha uzaytirilmoqda.
Ko`chada sigaret chekishga taqiq ham o`z kuchida qoladi.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlariga epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, qo`shimcha cheklov choralarini joriy etish huquqi berildi. Xususan, Turkiyadagi koronavirus bilan kasallananishning deyarli yarmi qayd etilgan Istanbul shahri rasmiylari 2020 yil 19 noyabrdan boshlab muzeylar va san`at markazlari, suzish havzalari va konsert zallarini yopmoqda.
Yuqorida keltirilgan ma`lumotlarga binoan, O`zbekiston Elchixonasi Turkiyada vaqtincha bo`lib turgan, o`qiyotgan, mehnat qilayotgan, doimiy yashayotgan yoki ushbu mamlakatga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan fuqarolarimiznidan ushbu cheklov choralarini hisobga olish, o`z sog`ligiga e`tiborli bo`lish hamda Turkiya Respublikasi rasmiy idoralarining aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablariga amal qilishga chaqiradi.
Mavzuga doir:
Turkiyada koronavirusga qarshi yangi karantin cheklovlari joriy etildi






