2020 yil uchun xalqaro miqyosda e`lon qilingan Global ochlik indeksida 107 ta mamlakat ishtirok etdi. O`zbekiston mazkur reytingda eng yaxshi deb topilgan 47 ta mamlakatlar qatorida 6,7 ball bilan 30 o`rinda qayd etildi. 2019 yilda ushbu reytingda O`zbekiston 10,7 ball bilan 48 o`rinda ko`rsatib o`tilgan edi.
Ma`lumot uchun: 2020 yilda MDH davlatlaridan Qozog`iston 5,4 ball bilan 21-o`rinda (2019 yil 5,5 ball 20-o`rinda), Armaniston 6,9 ball bilan 31-o`rinda (2019 yil 7,8 ball 30-o`rinda), Qirg`iziston 8,4 ball bilan 42-o`rinda (2019 yil 8,8 ball 35-o`rinda), Turkmaniston 11,1 ball bilan
52-o`rinda (2019 yil 11,8 ball 54-o`rinda) qayd etilgan.
Bu indeks har bir mamlakat uchun to`rtta ko`rsatkichni jamlash orqali aniqlanadi:
- to`yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi;
- besh yoshgacha bo`lgan vazni me`yordan past bolalar ulushi;
- besh yoshgacha bo`lgan bo`yi me`yordan past bolalar ulushi;
- besh yoshgacha bo`lgan bolalarning o`lim darajasi.
Shuni alohida ta`kidlab o`tish joizki, bir yil ichida bunday yuqori ko`rsatkichning qayd etilishi, ya`ni 48 o`rindan 30 o`ringa ko`tarilishning asosiy sababi, respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Davlat statistika qo`mitasining sa`y harakatlari bilan FAO tashkiloti tomonidan Global ochlik indeksining asosiy omilidan biri bo`lgan “to`yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi” ko`rsatkichining 2017 yildan boshlab qayta hisoblash amalga oshirilganligidir. ESLATIB O`TAMIZ, qayta hisoblash natijasida “to`yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi” ko`rsatkichi deyarli 2,5 barobarga qisqartirilgan va 2016-2018 yillar uchun 6,3 foizdan 2,8 foizga o`zgartirilgan va 2017-2019 yillar uchun 2,6 foiz deb tan olingan edi.






