AsosiyShou-biznes

Lola Yo`ldosheva: “2015 yil meni qayta tarbiyaladi va irodamni mustahkamladi!” (eksklyuziv)

Bu xonanda haqida so`nggi paytlarda tanqidiy fikrlar ko`p bildirildi. Lekin tanqidlar asossiz emasligi ham ma`lum. Ammo uning san`atdagi o`rni va iste`dodiga hech kim shubha qilgani yo`q va aynan shu narsa uning muxlislari mehrini so`ndirmadi. 2015 yil davomida otilgan tanqid toshlari bugun xonandani butkul boshqa insonga aylantirgan, deyish mumkin. Lola Yo`ldoshevani tahririyatga taklif qilar ekanmiz, u bilan nafaqat ijodiy “chekinish” haqida balki hayotiy qarashlari, oilasi va albatta ijodiy yangiliklariga ham to`xtalishni maqsad qildik.

—Bayram kayfiyati sizni tark etmagani ko`rinib turibdi.

— Rahmat! “Darakchi” gazetasining butun ijodiy jamoasini kirib kelgan 2016 yil bilan chin qalbdan tabriklayman. Yil davomida barcha ijodkorlarni ilhom parilari, omad qushlari tark etmasin. Bu oilaviy bayramni biz ham oila davrasida ko`tinki kayfiyatida kutib oldik. Farzandlarim, yaqindarim bilan odatimizga ko`ra bir-birimizga sovg`a ulashib, yaxshi tilaklar bildirdik. Farzandlarim bilan doim amal qiladigan an`anamiz bor. Ular yangi yilga uch-to`rt kun qolganda Qorboboga xat yozishadi. Masalan, qizim Shahinabegim  ancha vaqtdan buyon shifokorlar uchun mo`ljalangan libos va ularning anjomlarini orzu qilayotgan edi. O`g`lim Shohdiyorga esa mashhur multfilm qahramonining libosini kutayotganini Qorboboga “xabar qilibdi”. Yangi yil kechasi xonadonimizga kelgan Qorbobo va Qorqiz ularning istagini amalga oshirdi. Bolalarim menga o`z qo`llari bilan chizgan tabriknomalarni  sovg`a qilishdi. Bu sovg`alar  men uchun juda qadrli.

— Yil boshidanoq yangi ijod namunalarini taqdim etishni boshlab yubordingiz. “Sevgimsan” qo`shig`i va unga ishlangan noodatiy klip gapimizning yaqqol isboti bo`la oladi.

—  Aslida bu qo`shiq ustida bir yil avval ish boshlaganmiz. Qo`shiq muallifi DJ Piligrim bo`lib, u ikki ko`rinishda yozilgan. Biri yoshlarbop sho`x, ikkinchisi esa biroz sokin yo`nalishda kuylangan. Klipning tayyorlanish jarayoni ham ancha vaqt talab qilgan. Klip haqida g`oyalar taklif qilinganda undagi rollarning birini Ilhom Yo`lchievning (DJ Piligrim) o`zi ijro etishi rejalashtirilgan. Ammo ijodiy jarayon davomida barchasi o`zgarib ketdi. Bugun tayyor bo`lgan klipda Ilhom faqat osmonda “uchib” ketayotganimda paydo bo`ldi (kuladi).  Yoz oylarida AQSh sayohatiga ketayotib shunday tasvir ko`z oldimdan o`tdi va uni yon daftarchamga yozib qo`ydim. Bugun esa tasavvurlarim klip shaklida muxlislarga taqdim etildi.

— Klipda juda kuchli kompyuter grafikasidan foydalanilgan. Undagi voqealarni mini-multfilm deb qabul qilish mumkin...

— O`zbekistonda birinchi marta bunday ko`rinishdagi ijodiy mahsulot taqdim etildi. Buni ro`yobga chiqrish uchun butun ijodiy guruhimiz bilan astoydil mehnat qildik. Bunday grafikadan foydalanish o`zim va grafika ustalari uchun ham yaxshi yangilik bo`ldi. Klipdagi voqealarda sof muhabbat tashqi ko`rinish bilan emas ichki go`zallik bilan baholanishini ko`rsatib berganmiz.

— So`nggi yilarda asosan Ilhom Yo`lchiev bilan ijodiy hamkorlik qilyapsiz...

—  DJ Piligrimning ijodi doim  qalbimga yaqin bo`lgan. Yoshligimdan uning qo`shiqlarini eshitib katta bo`lganman, desam ham bo`ladi. Uning san`atga yondashuvi menga juda yoqadi. Ijodiy hamkorlik davomida undan juda ko`p narsalarni o`rganyapman. U bilan ishlash davomida o`zimning ham qarashlarim o`zgarib boryapti. Masalan, ijodda shoshma-shosharlikka yo`l qo`ymaslik kerak ekan. Har oy yangi qo`shiq yoki klip taqdim etmasam ham, tomoshabinga nimadir bera oladigan ijod mahsulini muxlislarga taqdim etish, albomlarning soniga emas, sifatiga ahamiyat berish kabi narsalarni o`zimga singdirdim.

— YuNISEF tashkiloti tomonidan o`tkazilayotgan tadbirlarda juda faolsiz.

— Bu tashkilot tomonidan o`tkazilgan tadbirlarda birinchi marta shunchaki mehmon sifatida ishtirok etgandim. Keyinchalik esa rahbariyat taklifi bilan hamkorlikni yo`lga qo`ydim. Hozir men bolalar huquqi bo`yicha milliy chempionman. Ya`ni, bolalar huquqini himoya qilishda vakil sifatida faoliyat yuritaman. YuNISEF bilan juda ko`p xayrli ishlarni amalga oshirayotganimdan juda xursandman.

— 2015 yil siz uchun sayohat yili bo`ldi desak ham bo`ladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizda sayohatdan tayyorlangan reportajlarni taqdim etib turdingiz... Bu shunchaki sayohatmidi yoki bu safarda ham balki biror ijodiy maqsadlar jamlanganmi?

— Bu hayotda sababsiz narsa bo`lmas ekan. Har bir kichik sayohat ham insonni qalban o`zgarishiga sabab bo`lishi mumkin. Men ham 2015 yil yozida shahardagi tashvishlardan dam olish uchun shunchaki sayohatga chiqqan edim. Biroq bu sayr meni umuman boshqa Lolaga aylantirdi. Masalan, Ispaniyada bo`lgan vaqtimda men oddiy o`smir qizga aylandim. Singlim bilan birga hamma narsani unutib xarita yordamida sayyohat qildik. Qisqa vaqt ichida turli shaharlarning barcha diqqatga sazovor maskanlarini aylanib chiqdik. Undan keyingi manzilimiz AQSh bo`ldi. U erda men  bir yarim yildan buyon uchrashmagan singlim Anora bilan ko`rishdim. Bolaligimizda bir-birimizni ko`rmasak turolmasdik. Ana o`sha daqiqalarda oilaning qadri, yaqinlarning diydori qanchalik muhim ekanligini, qolgan narsalar esa oddiy muammolar ekanligini sezdim. Yozgi ta`tildan qaytganimda esa ish rejamni butunlay o`chirib, birinchi o`ringa oilani qo`ydim. Yangi qo`shiq, klip chiqarishim shart, konsertga tayyorgarilik ko`rish vaqti keldi, degan o`ylarni o`chirib tashlab oila davrasidagi har bir lahzadan zavqlanishni o`rgandim.

— Instagram sahifalarida farzandlaringiz bilan tushgan yangi fotosuratlarni joylashtirdingiz. Ammo suratlarda turmush o`rtog`ingizni ko`rmadik...

— Chunki... Turmush o`rtog`im bilan qarashlarimiz, fe`l atvorimiz bir-birimizga to`g`ri kelmagani uchun ajrashishga qaror qildik. Ammo bu holat farzandlarimizga salbiy ta`sirini o`tkazmaydi. Dam olish kunlari bolalar otasi, bobosi va buvisi bilan ko`rishib, birga vaqt o`tkazib turishadi. Bundan tashqari, farzandlarimiz bilan bog`liq masalalarni ham doim birga hal qilishga harakat qilamiz. 

— Yangi loyiha — audio ertak kitob chiqarishga qo`l urdingiz...

— Bu loyihani amalga oshirish bilan bolalarimizga ertak o`qib berishimiz shartligini ota onalarga eslatib o`tmoqchi bo`ldim. Chunki ishdan, tashvishlardan charchab bunday yumushlarga ko`p ham vaqt ajratmasligimiz mumkin. Ammo ertak aytish bilan farzandlarimizning orzulari, o`ylari, fikrlaridan xabardor bo`lib turishimiz mumkin. Audio ertakning onalarga biroz yordami tegishi mumkin. Aslida bu farzandlarimning taklifi bilan amalga oshirildi. Kitobda “12 oy” nomli ertakni o`qib berganman. Ertak voqealarga xos musiqalar bilan bezatilgan. Masalan  suvning shildirashi, olovning yonishi kabi tovushlar bolalarimizning qiziqishini oshirishi aniq.

— 2015 yil nimalar bilan sizni xursand qildi-yu, qaysi voqealardan ranjidingiz? Balki o`tib ketgan yilda afsuslangan daqiqalaringiz ham bo`lgandir...

— 2015 yil men uchun oson kechmadi. Ammo shunga qaramay nolimayman. O`tgan yilni men o`zim uchun maktab deb qabul qildim. U meni qayta tarbiyaladi, irodamni mustahkamlab ruhan tushkunlikka tushmaslikka o`rgatdi. Bu hayotda nima ro`y bermasin barchasi yaxshilikka, degan oltin qoidaga amal qilaman. Qilgan xatolarimda hech kimni ayblamayman, inson hayotida ro`y bergan yaxshi-yomon voqealarga o`zi sababchi bo`ladi. Ana shunday vaziyatlarda qoqilib, yiqilib qayta oyoqqa tura olish muhim, aynan shu insonni charxlaydi. Asosiysi muammolarda aybdorni izlash emas balki xatolarni tuzatib, qayta qaddini tiklab olish mhim.

— Siz omma e`tiboridagi insonsiz, harakatlaringiz ham shunga yarasha bo`lishi kerak, nazarimda.

To`g`ri, lekin menimcha har bir insonning o`z didi, o`ylari va aqli bo`lishi kerak. Bundan tashqari insonni kiyim emas, uning qalbi bezab turadi degan falsafaga tayanaman. Muxlislar ijodimga, kliplarimda ko`tarilayotgan muammolarga e`tiborliroq bo`lishlarini so`ragan bo`lardim.

— Suhbat so`ngida ijodiy yangiliklaringiz bilan ham o`rtoqlashsangiz?

— Rejalarimiz juda ko`p. “12 oy” nomli audio ertakning taqdimot marosimiga tayyorgarlik ko`ryapmiz. Shuningdek keyinchalik kitobning ikkinchi nashrini chiqarish ham rejalashtirilgan. Bolajonlar ikkinchi kitobda faqat bitta emas, bir nechta ertakni tinglashlari mumkin. Tez kunlarda “Yaralangan qanot” qo`shig`ining klipi tayyor bo`ladi. Bahor oylarida esa yangi albom sotuvga chiqadi. Unda ikki yil davomida kuylangan eng sara taronalar o`rin olgan. Hamda kuz oylarida yangi konsert dasturini taqdim etish niyatimiz ham bor.

Aliya Sulaymanova suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar