Joriy yilning sentyabr oyida Toshkent viloyati IIBB va boshqa huquqni muhofaza qilinuvchi xodimlar tomonidan, Toshkent shahrida, chet el va respublika fuqarolariga shahvoniy xizmat ko`rsatuvchi uyushgan jinoiy guruhlarni aniqlab, ularning jinoiy faoliyatiga chek qo`yish maqsadida maxsus reyd tadbirlari o`tkazildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, 32 yoshli “Hulkar” ismli shaxs, bir necha yillardan buyon noqonuniy moddiy daromad topish maqsadida fohishaxona saqlash, qo`shmachilik qilish faoliyati bilan shug`ullanib, uyushgan jinoiy guruhga o`zi rahnamolik qilib, Toshkent shahridan bir nechta xonadonlar sotib olib, xonadonning ayrimlariga 3-4 nafar fohishalarni joylashtirib, qolgan xonadonlarni o`zi bilan muqaddam fohishalik bilan shug`ullangan ayollarga ijaraga berganligi ma`lum bo`lgan.
Dastlabki tergov hujjatlariga ko`ra, “Hulkar” turmush o`rtog`i “Ashraf” va yana ikki nafar shaxslar bilan ushbu fohishaxonalar faoliyatini muntazam ravishda kuzatib, har bir xonadonning ijarasi uchun 400-600 AQSh dollarigacha oylik ijara pullarini olgan, bundan tashqari “tungi kapalaklar”ni yo`qlagani kelgan har bir mijozdan olgan pullarni o`zaro teng taqsimlashga kelishib, ularning monitoringini xonadonlarga o`rnatilgan videokuzatuv kameralar yordamida mijozlar soni hamda ularning xizmat ko`rsatish vaqtini kuzatib boradigan navbatchilar yollangan.
Bundan tashqari fohishalar guruh-guruhga bo`linib, ularga maxsus nazoratchi biriktirgan (starshiy). Fohishaxonalardan tushgan pullarni yig`ib kelish uchun
Mirazim V., ismli shaxs mas`ul bo`lib, kunlik tushgan pullarni uyushgan guruh rahbariga olib kelganligi hamda maxsus hisobot daftari yuritilganligi aniqlangan. Qizlarni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilib ularni anketalarini joylashtirish bo`yicha ish shtati ham mavjud bo`lgan.
Tezkor tadbir natijasida bir nechta uylarda o`tkazilgan tintuv jarayonida uyali telefon apparatlari, planshet, kuzatuv kameralari, elektron yig`ish qurilmalari, “Regopen” dori vositalari, qayd etish daftari, shaxsiy intim vositasi, shuningdek 1.120 AQSh dollari va 5.130.000 so`m qiymatidagi pullar aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Hulkar”, “Ashraf”, “Mirazim” va “Elbek” ismli shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 4-qismi “B” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ular gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va prosessual tartibda ushlanib, O`zbekiston Respublikasi JKning 131-moddasi 4-qismi “b, v” bandlari (takroran, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko`zlab qo`shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) va 135-moddasi 3-qismi “g” bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan odam savdosi) bilan ayb e`lon qilinib, har biriga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov olib borilmoqda