Buyuk Britaniyaning Birmingem universiteti olimlari tomonidan koronavirus yuqishining oldini olishga qodir burun sprey ishlab chiqildi, deb xabar qildi Sky News.
Ushbu spreyni tadqiqotdan o`tkazganlarning aytishicha, sprey koronavirus infeksiyasini burunnning o`zida zararsizlantiradi. Sprey tomchilari burundagi virusni o`rab olgani sababli kasal odam aksirishi yoki yo`talishi orqali tashqariga chiqadigan virus zarralarining boshqa odamga yuqish ehtimoli kamroq bo`ladi.
«Garchi bizning burunlarimiz har kuni minglab litr havoni filtrlasada, burnimizda infeksiyadan katta himoya mavjud emas va havo orqali yuqadigan viruslarning aksariyati burun yo`llari orqali yuqadi. Biz ishlab chiqqan purkagich aynan o`sha himoya vositasini taqdim qiladi. Shu bilan birga u virusning odamdan odamga yuqishining oldini ham oladi» deydi etakchi tadqiqotchilardan biri professor Liam Grover.
Laboratoriya tajribalari shuni ko`rsatdiki, spreyni ishlatgan odam ikki kungacha infeksiyani yuqtirib olishdan himoya qilingan bo`ladi. Olimlarning ta`kidlashicha, ushbu spreydan muntazam foydalanish koronavirus kasalligi yuqishini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.