AsosiyDunyo

Qirg`izistonda rus tilidan rasmiy maqomni olib tashlash taklif etildi. Ingliz tili esa...

'Qirg`izistonda rus tilidan rasmiy maqomni olib tashlash taklif etildi. Ingliz tili esa...'ning rasmi

Qirg`izistonning yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan Konstitusiyasida rus tiliga berilgan rasmiy maqomni bekor qilish taklif etilyapti. Konstitusiya kengashi a`zosi Sadirdin Toraliev ana shunday tashabbus bilan chiqdi. Bu haqda Platforma yozmoqda. 

U qirg`iz tili kelajagi uchun qayg`urayotgani, chunki bugungi kunda yoshlarning katta qismi ona tilida emas, balki rus tilida muloqot qilishni ma`qul ko`rayotganidan tashvishda ekanligini bildirgan. Toraliev "marshrutka"da ketayotgan yoki bozorlarda yurgan paytlarbda hamyurtlarini rus tilida gapirganlari uchun urishib berganini ham aytib o`tgan.

Uning fikricha, Konstitusiyada qirg`iz tilining o`rnini mustahkamlash uchun faqat uni davlat va rasmiy til sifatida mustahkamlab qo`yish, rus tilini esa rasmiylik maqomidan mosuvo qilish kerak.

— To`g`ri, rus tili rasmiy til hisoblanadi, u ham bizga kerak, shu orqali ko`p narsaga erishdik, ingliz tili ham kerak, — degan u. — Shu bois Qirg`izistonda tillarni rivojlantirish uchun alohida qonun qabul qilinishi va davlat muayyan majburiyatlarni bajarishi zarur.  

Mening bu boradagi taklifim esa radikal tuyulishi mumkin, lekin bu o`ylab ko`rishga arziydi. Konstitusiyada faqat qirg`iz tili rasmiy til deb hisoblanishi shart. Aholining 60 foizidan ziyodi ingliz tilini biladi va biz faqat rus tilidan dastyor sifatida foydalansak, to`g`ri bo`lmaydi.

Kengashning yana bir a`zosi Maksat Choriev esa mamlakatda rus tili qatori ingliz tiliga ham rasmiy til maqomini berish lozimligini ta`kidlab o`tgan.

— Bugungi kunda bizda rus tili rasmiy til hisoblanadi, — degan u. — Buning sharofati bilan qirg`izistonliklar o`ndan ortiq davlatlar bilan o`zaro erkin muloqot olib boryapti. Agar kengroq o`ylab qaralsa, yuzdan ziyod mamlakatlar ingliz tilidan foydalanmoqda. Agar biz yangi texnologiyalar olamiga, yangiliklar, dunyodagi jarayonlar ichiga kirmoqchi bo`lsak, u holda biz Konstitusiyada ingliz tilini  ikkinchi rasmiy til sifatida belgilab qo`yishimiz darkor.

Filologiya fanlari doktori Sirtbay Musaev esa bu taklifni bema`ni tashabbus deb atagan.   

Eslatib o`tamiz, avvalroq Qirg`izistonda mamlkat nomini o`zgartirish taklif etilgan edi.

 

    Boshqa yangiliklar