Tadbirkorlar tomonidan paxta chigitini bir hududdan ikkinchi hududga olib chiqishda duch kelinayotgan muammolar yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasiga ko`plab murojaatlar kelib tushgan. Ularda asosan viloyat hokimliklari tomonidan hududlardagi ichki ishlar organlari xodimlariga viloyat hududlaridan paxta chigitini chiqarmaslik to`g`risida topshiriq berilganligi va shunga ko`ra chegara post xizmatlaridan chiqarilmayotganligi bildirilgan.
Lekin birja savdolarida respublikaning barcha hududlaridagi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ushbu chigit mahsulotini sotib olishlari mumkinligi qonunchilik bilan belgilangan bo`lsa-da, hokimliklar chigitni faqatgina ushbu hududdagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotib olinishi va ushbu hududdan olib chiqib ketmasdan ishlatishi bo`yicha ko`rsatma berilmoqda.
Qo`mita mazkur murojaatlar yuzasidan munosabat bildirdi va qonunchilikni eslatib o`tdi:
"Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq, tadbirkorlar qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishi hamda o`z faoliyati yo`nalishlarini, tovarlar (ishlar, xizmatlar) etkazib beruvchilarni va o`z tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) iste`molchilarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi, 34-moddasiga asosan davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlarining amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emasligi ko`rsatilgan.
Davlat organlariga, shuningdek ularning mansabdor shaxslariga bitimlar tuzish bo`yicha qarorlar qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati sub`ektlariga ko`rsatmalar va boshqa farmoyishlar berish taqiqlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksning 354-moddasiga asosan, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkin, shartnoma tuzishga majbur qilishga yo`l qo`yilmaydi, shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi.
“Raqobat to`g`risida”gi Qonunning 12-moddasiga asosan, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo`lgan tarzda aralashishi taqiqlanadi, raqobatni rivojlantirishga to`sqinlik qiluvchi hamda iste`molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan tegishli bozorni hududiy prinsip bo`yicha, realizasiya qilish yoki xaridlar hajmi bo`yicha, tovarlarning xillari bo`yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo`yicha bo`lib olishga yo`l qo`yilmaydi.
“Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks”ning 178-moddasiga asosan, raqobat to`g`risidagi qonun hujjatlarini, tabiiy monopoliyalar to`g`risidagi qonun hujjatlarini va iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzilishi holati bo`yicha tegishli javobgarlik choralari belgilangan.
Mazkur holat Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan o`rganib chiqilib, barcha viloyatlar hokimliklariga hamda Ichki ishlar vazirligi va vazirlikning viloyat boshqarmalariga bunday harakatlarni sodir etilishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha tegishli choralar ko`rish yuzasidan murojaat qilindi.
Shuningdek, bugungi kunda Qo`mita tomonidan Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyat hokimliklari hamda ushbu viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalariga nisbatan tegishli ish qo`zg`atdi.