Buxoro viloyati Olot tumanida 3-sinf o‘quvchisi eski quduqqa tushib ketib vafot etdi. Bu haqda “Darakchi.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 15-aprel soat taxminan 14:00 lar atrofida Olot tuman “Navro‘z” MFY Shodlik ko‘chasida yashagan 3-sinf o‘quvchisi L.J. maktabga qo‘shni xonadon hovlisida joylashgan eski quduqqa ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketishi oqibatida vafot etgan.
Uni qutqarishga uringan maktab qorovuli vazifasida ishlovchi F.J. ham mazkur quduqqa tushib ketishi sabab ahvoli og‘irlashib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilib, quduq ichida joylashgan qora rangli botqoq suyuqligidan namuna olingan, tuman tibbiyot birlashmasida murda tashqi ko‘zdan kechirilib, sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan.