New York Times gazetasida Buyuk Britaniya shahzodasi Garrining rafiqasi, Sasseks gersoginyasi, sobiq aktrisa Megan Marklning 2020 yil iyulida nobud bo`lgan farzandi haqida yozgan essesi chop etildi.
“Har kungidek nonushta tayyorlash, itlarni boqish, vitamin ichish, yo`qolgan paypoqni topish bilan boshlangan odatiy iyul tongi edi. Sochlarimni yig`ib, o`g`limni belanchagidan oldim. Uning tagligini almashtirayotganimda, vujudimda keskin kramp(tortishuv)ni his qildim. Men bolamni qo`limda tutgancha erga yiqildim, bolamni va o`zimni tinchlantirish uchun mayinlik bilan qo`shiq xirgoyi qila boshladim. Bir necha soniyadan so`ng to`ng`ich bolamni bag`rimga bosgancha ikkinchi farzandimdan ayrilayotganimni his qildim», — deya o`z holatini tasvirlaydi Sasseks gersoginiyasi.
Bir necha soatdan so`ng, kasalxonada o`zimga keldim. Menga tikilib turgan erimning qo`lidan ushladim. Kafti bilan qo`llarimni siqayotganini sezdim. Oppoq devorlarga tikilib, ko`zlarim chaqnadi.
O`tgan yili Garri bilan Janubiy Afrikada uzoq safarni yakunlagan bir lahzani esladim. Ana shu paytlarda go`dak o`g`limni emizardim. Shu boisdanmi, safar so`ngida juda toliqqan edim. Biroq, omma oldida xotirjam ko`rinishga harakat qildim.
Shu payt bir jurnalist "Yaxshimisiz?" deb so`radi. "So`raganingiz uchun tashakkur. Hamma ham ahvolim haqida so`ramaydi", dedim mamnunlik bilan.
Karavotda yotib, qayg`uga botgan erimga qaragancha, uning singan yuragining og`riqlarini sezib turardim. Shunda unga taskin berishning yagona yo`li "Yaxshimisiz?" degan savol ekanini angladim.
“Biz yaxshimizmi?”…
Ha, bu yil ko`pchilik uchun katta talofat keltirdi. Yo`qotish va og`riq 2020-yilda barchamizga azob berdi. Bu yilda biz turli ayanchli hikoyalarni eshitdik: Bir ayol o`z kunini odatdagidek boshlaydi, ammo birozdan keyin keksa onasini Covid-19 sabab yo`qotganligi haqida eshitadi. Bir erkak esa o`zini avvalgidan biroz sust sezadi, lekin g`ayrioddiy narsa bo`layotganini o`ylamaydi ham. So`ngra u koronavirus testida musbat natija ko`rsatadi va bir necha hafta ichida xuddi yuz minglab insonlar kabi, vafot etdi. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun zarur bo`lgan ijtimoiy izolyasiya bizga har qachongidan ham ko`proq yolg`izlik hissini tuydirdi”, — deb ta`kidlaydi Megan Markl essesida.
“Farzanddan ayrilish — ko`pchilik boshdan kechiradigan chidab bo`lmas qayg`u, ammo bunday qayg`usi haqida hamma ham gapira olmaydi. Bolam nobud bo`lganda, bu holatga har 100 ayoldan 20 tasi tushishini eshitdim. Shunga qaramay ko`pchilik bu dardini boshqalar bilan bo`lishishga uyaladi va uni yolg`iz engib o`tishga urinadi. Ammo o`zlarining judolikka qarshi kurash hikoyalarini dadillik bilan oshkor etadiganlar, baham ko`radiganlar bor. Menimcha, bu hikoyalar shu kabi vaziyatga tushayotgan boshqa insonlarga kuch beradi ”, — qayd etadi Markl.
“Kimdir ahvolimizni chin ko`ngildan so`rasa va javoblarimiz ularga yordam bera olsa, biz o`zimizni yaxshi his qilamiz. O`z tajribalarimiz bilan o`rtoqlashsak, birgalikda kurashish yo`lini albatta topa olamiz.
Biz yuzlarni niqoblar bilan yashiradigan yangicha hayotda yashayapmiz, bu hol bir-birimizning ko`zlarimizga qarashga majbur qiladi — ba`zida iliqlik, ba`zida esa ko`z yoshi bilan. Uzoq vaqtdan beri, birinchi marta, inson sifatida biz haqiqatan ham insonlarni nigohlar orqali ko`rmoqdamiz”, — deb yozadi Megan Markl va so`zlarini quyidagicha tugatadi: “Biz yaxshimizmi?... Biz yaxshi bo`lamiz!”
Ingliz tilidan Risolat MAXSIMOVA tarjimasi






