AsosiyDunyo

Rossiya davlat tashkilotlari xodimlari koronavirus sinovida qatnashishga majbur qilingan

'Rossiya davlat tashkilotlari xodimlari koronavirus sinovida qatnashishga majbur qilingan'ning rasmi

Rossiyadagi byudjet muassasalari xodimlari koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasi sinovida qatnashishga majbur qilingan, deb yozmoqda Reuters agentligi.

«Hamkasblar!!! Bu qanday sabotaj??? Kimni aldamoqchisizlar??? Koronavirusga qarshi vaksina – mutlaq ustuvorlik!!!» — Reuters’ning yozishicha, Moskva shahar mulk departamenti amaldori Sergey Martyanov qo`l ostidagi xodimlariga ana shu mazmunda xabar jo`natgan.

Moskva sog`liqni saqlash departamenti esa agentlikka vaksina ikkita klinik sinovdan muvaffaqiyatli o`tgani va xavfsiz ekanligini ko`rsatgani, shahar aholisi tadqiqotda ishtirok etish to`g`risidagi qarorni ixtiyoriy ravishda qabul qilayotganini bildirgan.

Reuters ma`lumotiga ko`ra, oktyabrda Moskvadagi 3-poliklinika bosh shifokori o`rinbosari Olga Svetkova qo`l ostidagi xodimlar bilan WhatsApp orqali yozishmalarida vaksinasiyadan bosh tortganlar ishdan bo`shatilishini bildirgan.

«Klinikamizdagi barcha xodimlarning COVID-19ga qarshi majburiy vaksinasiyadan o`tishlari buyurilgan. Bu Moskva sog`liqni saqlash departamenti yurituvida. Agar vaksinasiyadan bosh tortsangiz, ishdan bo`shatilishingiz mumkin. Buning uchun qonuniy baza bor», — deya uning xabaridan iqtibos keltiradi agentlik.

3 poliklinika vakili Reuters’ga bergan izohida, vaksinasiya to`g`risidagi buyruq xodimlarga g`amxo`rlik darajasidan darak berishi hamda «xodimlar vaksinasiya borasidagi qarorni ixtiyoriy va faqat tibbiy tekshiruvdan so`ng qabul qilayotgani»ni aytgan. Moskva sog`liqni saqlash departamenti «go`yoki 3-poliklinikada shifokorlarning ommaviy ishdan bo`shatilishi va vaksinasiyaga majburlanayotganligi» haqidagi xabarni rad etdi.

Reuters jurnalistlari shuningdek, oktyabr va noyabrda Moskvadagi 13 ta emlash markazida bo`lib, 32 nafar tashrif buyuruvchi bilan suhbatlashgan. Ularning 30 nafari vaksinasiya to`g`risida ish joyida aytilganini bildirgan, 23 nafari haqiqiy ko`ngilli ekanini, 9 nafari esa ko`ngilli emasligini aytgan. Agentlikning qayd etishicha, ularning barchasi davlat sektori xodimlari bo`lgan. Ularning ayrimlari ish beruvchilarning vaksina sinovida qatnashish to`g`risidagi iltimosini rad eta olishmaganini bildirgan.

«Bu erga kelishga majbur bo`ldik. Rad etishning imkoni yo`q, shunchaki mumkin emas», — degan tez yordam xizmati xodimi Reuters muxbiri bilan suhbatda. Uning so`zlariga ko`ra, ularga sinovlarda qatnashish uchun ro`yxatga yozilish shartligi aytilgan. Agentlik bilan suhbatlashgan o`qituvchilardan biri u ishlaydigan maktabga kvota ajratilgani va rahbariyat xodimlarni vaksinasiyada qatnashishga majbur qilganini aytgan.

«Ular qatnashishingiz kerakligini aytishsa, qatnashishingiz shart», — degan u.

Ko`cha tozalovchi farrosh esa ularga vaksinasiyada qatnashish shartligi, chunki ko`chada ko`pchilik bilan yuzma-yuz kelishlari aytilganligini bildirgan.

Eslatib o`tamiz, 2 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelgusi haftadan koronavirusga qarshi «keng miqyosda»gi vaksinasiyani boshlash topshirig`ini bergan edi

    Boshqa yangiliklar