AsosiyDunyo

Turkiyada dam olish kunlari uchun komendantlik soatlari joriy etildi

'Turkiyada dam olish kunlari uchun komendantlik soatlari joriy etildi'ning rasmi

Turkiya prezidenti kabineti yig`ilishidan keyin Rajab Toyyib Erdo`g`an koronavirusga qarshi yangi choralarni bayon qildi. Bu haqda Son dakika haberi nashri ma`lum qilmoqda

Turkiya ichki ishlar vazirligi esa dam olish kunlaridagi ko`chaga chiqishga cheklovlar borasidagi yangiliklarni ma`lum qildi. Cheklovlar Turkiya vaqti bilan juma kuni 21:00dan kuchga kirdi.

Avvallari soat 21:00dan soat 05:00gacha ko`chaga chiqish taqiqlangan bo`lsa, yangi tartibga ko`ra dam olish kunlari ko`chaga chiqish butkul man etildi. Yangi qarorda 65 yoshdan yuqori va 18dan yoshroq aholi kunning muayyan soatlari (10:00-16:00 oralig`ida) jamoat transportidan foydalanishi man qilindi.

4 dekabr soat 21:00dan 7 dekabr dushanba kunigacha aholining barcha qatlamiga ko`chaga chiqish taqiqlandi va bu tartib kelasi dam olish kunlari ham amalda bo`lishi ta`kidlandi.

Ichki ishlar vazirligining qaroriga ko`ra, shaxsiy avtotransport vositasida shaharlararo safarlarga faqat zarur hollardagina ruxsat beriladi.

Zarur hollarga, jumladan, quyidagilar kiradi:

  • Davolanayotgan shifoxonasidan chiqib, doimiy yashash joyiga qaytayotganlar;
  • Avvaldan doktor qabuliga yozilgan yoxud doktor nazoratida bo`lganlar;
  • Turmush o`rtog`i, aka-uka, opa-singil yoki birinchi darajali qarindoshining janozasida qatnashish yoxud mayyitni tashish uchun ko`mak berayotganlar (ko`pi bilan 4 nafar kishi);
  • Bo`lib turgan shahrida kelganiga 5 kun bo`lib, qolishga joyi bo`lmay, yashash joyiga qaytish istagida bo`lganlar;
  • Harbiy xizmatni yakunlab, doimiy yashash joyiga qaytayotganlar;
  • Qamoqdan chiqqanlar va hokazo.

Yuqoridagilardan boshqa sabablar bilan shaharlararo safar qilishni istovchilarga jamoat transportidan foydalanishga izn beriladi.

Shanba va yakshanba kunlari faqat non yopish faoliyati bilan shug`ullanuvchi muassasalarning ishlashiga ruxsat beriladi.

Supermarket, do`kon, qassobxonalar 10:00-17:00 oralig`ida ishlashga ruxsat beriladi.

Cheklovlar Turkiya parlamenti a`zolari, jamoat tartibini saqlovchi organ xodimlari, qo`riqlash xizmatlari xodimlari, aeroport, port, stansiya xodimlari, diniy xizmatchilari va boshqalarga tegishli emas.

Turkiya hukumati, shuningdek, fuqarolarni katta oilaviy yig`inlar, bayramlar o`tkazishdan tiyilishga chaqirdi.

Shu tariqa, Turkiya so`nggi kunlarda yanada avj olgan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini mo``tadillashtirishga urinmoqda.

    Boshqa yangiliklar