6 dekabr kuni Indoneziyaga Xitoydan koronavirusga qarshi vaksinalar olib kelindi. Bu haqda Indoneziya prezidenti Joko Vidodo xabar bergan.
Ayni paytda Indoneziya hukumati aholini ommaviy emlash dasturini ishlab chiqmoqda. Joko Vidodoning aytishicha, mamlakatga Xitoyning SinoVac Biotech Ltd kompaniyasi topmonidan ishlab chiqilgan vaksinadan 1. 2 million dozada olib kelindi. Ushbu vaksina Indoneziyada avgust oyidan beri sinovlardan o`tkazilayotgan edi.
Indoneziya hukumati yanvar oyi boshida yana 1.8 million dozada SinoVac Biotech Ltdning vaksinasini sotib olishni rejalashtirmoqda. Prezidentning qo`shimcha qilishicha, Indoneziya dekabr oyida 15 million doza vaksina ishlab chiqarish uchun xomashyoni, keyingi oyda esa 30 million dozaga mo`ljallangan materiallarni qabul qilishni rejalashtirmoqda.
So`nggi paytlarda Indoneziyada koronavirus tarqalishi tezlashmoqda. Yakshanba kungi holatga ko`ra Indoneziyada COVID-19 ga chalinganlarning umumiy soni 575 796 kishini, qurbonlar soni esa 17 740 nafarni tashkil qilmoqda. Bu Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko`rsatkichdir.






