Jahon sayohat va sayyohlik kengashi (WTTC) turizm sohasi, hukumatlar, sog`liqni saqlash va boshqa sohalar mutaxassislari bilan birgalikda turizm sohasini qayta tiklash bo`yicha sa`y-harakatlarni birlashtirish, mazmunli harakatlar rejalarini ishlab chiqish maqsadida #Safetravel (xavfsiz sayohat) protokollarini ishlab chiqqan. Bu haqda uzbektourism.uz xabar bermoqda.
Protokollar xususiy sektor xodimlari va sayyohlar xavfsizligini ta`minlash uchun umumiy standartlarga moslashtiradi. O`zbekiston ham xavfsiz sayohatlarning global protokollarini amalda tatbiq qiluvchi mamlakatlarga qo`shildi va ayni damda ushbu jarayon yo`lga qo`yilmoqda. Bu sohadagi barcha xatti-harakatlarning muvofiqlashuvini ta`minlab, turistik xizmat ko`rsatuvchilar, operatorlar va sayyohlarga qo`llanmalarni taqdim etish, koronavirus pandemiyasidan keyin inson salomatligi va gigienasiga yangicha yondashuvni nazarda tutadi.
WTTC rasmiy saytida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimovning quyidagi so`zlari keltiriladi:
“O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Jahon sayohat va sayyohlik kengashining sog`liqni saqlash hamda tozalik choralari haqida ma`lumot ishlab chiqish va tarqatish borasidagi sa`y-harakatlarini ma`qullaydi va qadrlaydi. Shu bilan birga, xavfsiz sayohatlar tavsiyalariga rioya qiluvchi protokollarni amalda tatbiq etadi. Pandemiya boshlanganidan buyon O`zbekiston barcha sayyohlar xavfsizligini ta`minlashga yo`naltirilgan tezkor chora-tadbirlarni ishlab chiqdi, jumladan mamlakatimizga tashrif buyuradigan sog`liqni saqlash muammolari yuzaga kelganda har bir sayyoh uchun tibbiy davolanish xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya mexanizmlari ishlab chiqildi. Ishonchimiz komilki, “WTTC Safe travels” protokollari milliy “Uzbekistan: Safe travel Guaranteed” tizimimiz bilan birgalikda O`zbekistonda xavfsizlik standartlarini yangi bosqichga ko`taradi va xalqaro turizmning tezkor jonlanishi uchun asos bo`lib xizmat qiladi. O`zbekiston hukumatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro sayohat va sayyohlik hamkorligini qo`llab-quvvatlaydi. Birgalikdagi sa`y-harakatlar tufayli hozirgi qiyinchiliklarni muvaffaqiyatli engib, xalqaro turizm rivojida yangi marralarni zabt etishimizga ishonamiz”.






