1

Madaniy meros haftaligining uchinchi kuni O`zbekiston kinematografiyasiga bag`ishlanadi

Madaniyat 10.12.2020, 16:41
Madaniy meros haftaligining uchinchi kuni O`zbekiston kinematografiyasiga bag`ishlanadi

Kino sanʼati har bir xalqning urf-odatlarini ochib berishi bilan bir qatorda o‘sha mamlakatning reytingini ham belgilab beradi. Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston madaniy merosi haftaligining uchinchi kuni kino va fotografiya tarixiga bag‘ishlanadi.

17 dekabr kuni tadbirlari doirasida O‘rta Osiyo kinoshunoslarining seksiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston kinematografiyasi tarixida katta ahamiyatga ega bo‘lgan muhim tadbir o‘tkaziladi. Xususan Rossiya filmofondida saqlanayotgan multiplikatsion kinotasmalar (100 dan ortiq multfilmlar) O‘zbekistonga qaytarilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tadi.

 Shu jumladan, “oltin” kinofilmlarimiz: «Mahallada duv-duv gap» (1960, rejissyor Shuhrat Abbosov), «Alibobo va 40 qaroqchi» (1980, rejissyor Latif Fayziyev) – 2 qism, «Leningradliklar – jigarbandlarim mening» (1980, rejissyor Damir Salimov), «Tohir va Zuhra» (1945, rejissyor Nabi G‘aniyev), «Achchiq danak» (1975, rejissyor Qamara Kamolova), «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1985, rejissyor Melis Abzalov) badiiy filmlari raqamlashtirilgan formatda yurtimiz kino fondiga qaytarib beriladi. Bularning barchasi muhim loyiha doirasida madaniy merosimizni xalqimizga qaytarish yo‘lida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasidir.

Haftalikning aynan kinoga bag‘ishlangan kunida ilk bor katta ekranda Yolqin To‘ychiyevning «Moskva premyerasi» xalqaro kinofestivalida gran-pri sovriniga muvaffaq bo‘lgan hamda “Oskar” jahon kino sovriniga tavsiya etilgan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» nomli art-xaus filmi namoyish etiladi. Ushbu kartinaga xorijdan kelgan mehmonlarga tushunarli bo‘lishi uchun ingliz tilida subtitrlar ham havola qilinadi.

Shu qatorda, madaniy meros haftaligining ishtirokchilari va mehmonlari milliy kinematografiyaning paydo bo‘lgan kunidan boshlab, hozirgi kungacha rivojlanish jarayoni haqidagi nodir xronika kadrlarini tomosha qilishadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1