Farg`onada o`tgan «Neftchi» - «Turon» (0:1) uchrashuvidan keyin yuz bergan tartibsizliklardan so`ng iste`foga chiqarilgan «Neftchi» bosh murabbiyi Abdusamad Do`rmonov o`rniga yangi bosh murabbiy ish boshlaydigan bo`ldi. Bu haqda Tribuna.uz yozdi.
Ma`lum qilinishicha, Farg`ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov «Neftchi» klubi bosh murabbiyi lavozimiga Ilhom Mo`minjonov bilan kelishuvga erishgan. Murabbiy oldiga 2021 yilda «Neftchi» klubini barqaror jamoaga aylantirish vazifasi qo`yilgan. Superligaga o`tish o`yini «Neftchi» - «Andijon» bahsida Farg`ona klubini yordamchi murabbiylar Xislat Chilmatov va Sergey Lebedov boshlab tushishi kutilmoqda, Mo`minjonov esa diskvalifikasiyasi muddati tugaydigan 2021 yilning yanvar oyidan rasman klubni qabul qilib oladi.
Murabbiy hozirga kelib Superliganing bir qator futbolchilari bilan muzokara o`tkazgan. «Neftchi» jamoasi tartibsizliklar uchun uzoq muddatga chetlatilgan aksariyat futbolchilar bilan xayrlashadi va ularning o`rniga yangi o`yinchilar chaqiriladi.
Qayd etish joiz, Xayrullo Bozorov Namangan viloyati hokimi sifatidagi faoliyati davomida ham 2017 yilda Ilhom Mo`minjonovni «Navbahor» klubi bosh murabbiyi sifatida tayinlagan va namanganliklar o`sha mavsumda 5-o`rinni egallashgandi.
Biroq ikki yillik faoliyatidan keyin Mo`minjonov «Navbahor» futbolchilarni o`yinni sotishga undagi uchun 2019 yilning aprelida O`FA Etika qo`mitasi tomonidan 50 million so`m miqdorida jarima tortilgan va 5 yil muddatga futbolga oid har qanday faoliyatdan chetlatilgan edi. 2020 yilning 3 yanvarida esa «Surxon» futbol klubi Etika qo`mitasiga Ilhom Mo`minjonov ishini qayta ko`rib chiqishni so`rab murojaat qilgan. Murojaat O`FA Etika qo`mitasi tomonidan o`rganib chiqilgach, Ilhom Mo`minjonovning diskvalifikasiya muddatini qisqartirgan va bu cheklov 2020 yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi. Shu tariqa Mo`minjonovning 5 yillik diskvalifikasiyasi 1 yil, 9 oy deganda yakuniga etadigan bo`ldi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, «Qoraqalpog`iston Respublikasida professional futbolni rivojlantirish, «Orol» futbol jamoasini qo`llab-quvvatlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda kadrlar salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e`lon qilinib, 2021 yildan boshlab «Orol» jamoasining Superligada istisno tariqasida ishtirok etishini ta`minlash ko`zda tutilgan. Natijada, 2021 yilgi Superliga ishtirokchilari soni bittaga ko`payib, format sababli 16taga aylanadi. Liganing 16-jamoasi qaysi klub bo`lishi hozircha noma`lum.






