12 dekabr kuni Janubiy Koreyada koronavirusga chalinish bo`yicha rekord natija qayd etilib, 950 kishiga COVID-19 tashxisi qo`yilgani haqida xabar berildi. Bu mamlakatda bundan oldingi kunlik rekord 906 ta bo`lib, bu ko`rsatkich fevral oyida qayd etilgandi. Bu haqda tarjumon.uz ma`lum qildi.
Hozirda Janubiy Koreyada COVID-19 ning uchinchi to`lqini davom etmoqda. Koreys hukumati mamlakat bo`ylab ijtimoiy masofalanish qoidalarini eng qat`iy holatga olib chiqishi mumkinligini aytmoqda. Ammo, hozircha bunday tartib o`rnatilganicha yo`q.
«Bu haqiqatdan ham favqulodda vaziyat. Biz koronavirus zanjirini aniqlash va kasallik tarqalishining oldini olish uchun sinov usullarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz» deydi Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In o`zining Feysbukdagi sahifasida.
Janubiy Koreyada 8 dekabrdan boshlab cheklovlar kuchaytirilgandi. Unga ko`ra, restoranlarning tungi paytda ish olib borishlariga cheklovlar qo`yildi va boshqa ko`plab tadbirkorlik muassasalarining ish vaqti qisqartirildi. Ayni paytda virus o`chog`iga aylangan Seul shahri va uning yon atrofidagi hududlarda cheklovlar 2.5 darajaga olib chiqilgan.Cheklovlarning eng qat`iy 3 darajasida maktablar butunlay yopilib, ta`lim onlayn shaklga o`tkaziladi, 10 kishidan ortiq odamning bir joyda to`planishiga taqiq qo`yiladi va faqatgina muhim bo`lgan soha vakillarining ish faoliyatiga ruxsat beriladi.
Bosh vazir Chung Syunning aytishicha, hukumat uchinchi to`lqinni to`xtatish uchun har tomonlama harakat qiladi.
«Agar biz hozir virus tarqalishini to`xtata olmasak, cheklovlarning eng qat`iy bo`lgan 3 darajasini joriy qilishimiz muqarrar», dedi Chung favqulodda yig`ilishda.






