AsosiyJamiyat

Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning murojaati yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi

'Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning murojaati yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi'ning rasmi

Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning ijtimoiy  tarmoqlar orqali qilgan murojaatida keltirilgan  vajlarni o`rganish yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi ma`lum qildi. 

Joriy yil 11 dekabr kunidan buyon internet tarmog`i orqali Buxoro shahar prokurori J.Fozilov tomonidan tarqatilgan videomurojaatlarda prokuratura organlarining ayrim xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holatlariga yo`l qo`yilayotganligi ma`lum qilingan.

J.Fozilovning vajlarini sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida joriy yil 14 dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.

Komissiya tarkibiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Oliy Majlis Senati, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasining mas`ul xodimlari kiritildi.

Komissiya murojaatda keltirilgan qonunbuzarlik holatlarini joyiga chiqqan holda, J.Fozilovning barcha vajlarini bevosita o`zining ishtirokida chuqur va xolisona o`rganilishini tashkil etadi.

Tekshirish natijalari bo`yicha qo`shimcha ravishda xabar beriladi, deyilgan xabarda. 

 Ma`lumot uchun: sal avval ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilovning murojaati aks etgan video tarqaldi. Videoda shahar prokurori unga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilayotganini aytib, uning yakunlari bo`yicha qonun buzilishlar aniqlangan taqdirda buning uchun javob berishga tayyorligini ma`lum qilgan. Shuningdek, Fozilovning so`zlariga ko`ra, xizmat tekshiruviga sabab bo`lgan murojaat bosh prokuror Nig`matilla Yo`ldoshevga aloqador bo`lgan tadbirkor tomonidan qilingan. Murojaatda prokuror Prezident Administrasiyasi rahbaridan mazkur holatni nazoratga olishni so`ragan edi.

Bosh prokuraturaning 11 dekabrdagi bayonotiga ko`ra, Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani munosabati bilan u 2 dekabr kuni vazifasini bajarishdan vaqtincha ozod qilingan. Bunga Buxoro shahridagi tadbirkorlardan birining prokuror Fozilov ustidan yozib bergan shikoyat arizasi sabab bo`lgani aytilgan edi. 

 

    Boshqa yangiliklar