AQShning Alyaska shtati Juno shahridagi Bartlett mintaqaviy kasalxonasida «Pfizer» va «BioNTech» kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinasi bilan emlangan ikki nafar tibbiyot xodimining ahvoli yomonlashdi. Bu haqda «The New York Times»ga asoslanib, «Meduza» xabar berdi.
Xabarga ko`ra, 15 dekabr kuni emlashdan keyin 10 daqiqa o`tib, o`rta yoshli ayolda anafilaktik reaksiya boshlangan: nafasi qisib, toshma toshgan va puls tezlashgan. Ayolga osma ukol qo`yishgan, ammo uni olib tashlagandan keyin simptomlar qayta takrorlangan. Jabrlanuvchi reanimasiyaga joylashtirilgan. Uning ahvoli yaxshilangan, uni 17 dekabr kuni kasalxonadan chiqarish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, yana bir tibbiyot xodimi 16 dekabr kuni vaksina olganidan keyin taxminan 10 daqiqadan so`ng yomon ahvolga tushgan. Unda ko`z shishishi, bosh aylanishi, tomoq qichishi kabi simptomlar kuzatilgan. Uni tez yordam bo`limiga etkazishgan. Bir soat o`tib, erkakning ahvoli yaxshilangan va uyiga javob berilgan.
Kasalxona ma`muriyatining ma`lum qilishicha, jabrlangan ayolda allergik reaksiyalar oldin kuzatilmagan. Jabrlangan erkakda bunday holat ilgari bo`lgan-bo`lmaganligi esa noma`lum. 16 dekabr holatiga ko`ra, Bartlett mintaqaviy kasalxonasi 144 doza vaksinani ishlatgan. Alyaska shtati bosh shifokori Enn Zink ma`lum qilishicha, kasalxonadagi bunday hodisalar emlash grafigi va protokollariga ta`sir o`tkazmaydi.






