Taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikasiyalar fakulteti jurnalistika bo`limi magistranti Abdukarim Mirzaev 11 dekabr kuni turk polisiyasi tomonidan qo`lga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning Turkiyada bo`lib turgan muxbiri Sanjar Rustamov xabar qilgan.
Jurnalistni huquqiy jihatdan himoya qilish uchun yollangan advokat vaziyatni o`rgangach, kimdir Abdukarim Mirzaevga tegishli raqam orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo`lgani haqida xabar bergani, ushbu ma`lumot ortidan jurnalist kuzatilib, so`ngra qo`lga olinganini aniqladi.
Abdukarim Mirzaevning turmush o`rtog`i bu holatga izoh berar ekan, oxirgi vaqtlar, ayniqsa so`nggi ikki-uch oyda ko`rsatuvlari internetda katta qiziqish bilan kuzatilayotgan jurnalistga nafaqat O`zbekiston, balki dunyoning ko`pgina davlatlaridan muxlislari qo`ng`iroq qilib, xurmatini bildirgani, ayrimlari oilaviy muammolarini aytib, undan maslahat so`raganini ta`kidladi. Bunday vaziyatda qo`ng`iroq qiluvchi shaxsning kimligi, maqsadlarini aniqlash, umuman, vaziyatni nazorat qilish mutlaqo imkonsiz ekanini aytdi.
Shuningdek, jurnalist hibsga olinishidan 10 kuncha oldin, aniqrog`i 28 noyabr kuni kunduzgi 12:20—13:30 lar oralig`ida oilaviy xordiq chiqarish va videolavha tasvirga olish maqsadida Istanbulning Marmara dengizi yoqasidagi Floria sohiliga chiqqanida zamonaviy kiyingan (shimda) to`rt ayol (ikki nafari 35−40, ikki nafari 16−17 yoshlarda) ulardan telefon qilib olishni so`ragani, shundan keyin Abdukarim Mirzaevning telefoniga turli raqamlardan erkaklar qo`ng`iroq qilgani, SMS xabarlari yozganini ta`kidladi. Ushbu voqeadan keyin yangi olingan mobil telefoni sekin ishlashni, qotib qolishni ham boshlagan.
10 dekabrdan 11 dekabrga o`tar kechasi yarim oqshomda zirhli avtomobillarda kelgan qurollangan va harbiy libosdagi to`rt kishi, shuningdek, fuqaro kiyimidagi shaxslar Abdukarim Mirzaevning uyiga kelib, tintuv o`tkazishgan. Ular uydan hech qanday shubhali narsa topa olmagan va qo`shnilar guvohligida hujjatlarni rasmiylashtirib, jurnalistni olib ketishgan.
Keyingi kuni yollangan advokat u bilan uchrashgan, polisiyaga jurnalistning shubhali shaxslar bilan hech qanday aloqasi yo`qligini isbotlovli dalil va hujjatlarni taqdim etgan. Shubha va gumonlar o`z tasdig`ini topmaganidan so`ng uni mamlakatdan deportasiya qilish to`g`risida qaror chiqarib, Migrasiya idorasining chet elliklarni saqlash markaziga yuborishgan. Ayni vaqtda deportasiya to`g`risidagi qarorni bekor qilish, kuzatuvni to`xtatish to`g`risidagi da`vo tayyorlanmoqda.
Sanjar Rustamov (u ham Kastamonu universiteti magistranti) jurnalistning na diniy va na siyosiy ambisiyalari yo`qligini, bor-yo`g`i ibratli hikoyalar, rivoyat va asotirlarni so`zlab berib, videolarini ijtimoiy tarmoqlarga joylab borishini ta`kidladi.
«Buning zamirida birinchi navbatda internetning o`zbek sigmentini sifatli va mazmunli videokontent bilan to`ldirish, axloqiy, ma`naviy-ma`rifiy hikoyalar orqali xalqimiz, ayniqsa internet davrida ulg`ayotgan yosh avlodning ongu tafakkurini yuksaltirish maqsadi yotibdi. Qolaversa, pandemiya davrida tushumlar ozaygan bir vaqtda ushbu videoroliklarni YouTube-kanalga joylashtirish orqali pul ishlash maqsadi ham yo`q emas edi. Bundan boshqa hech qanday manfaat, maqsad yoki g`oyalar yo`q. Ha, darvoqe, hikoya va rivoyatlarning diniy mazmun va ruhda ekani Abdukarim Mirzaevning oddiy bir ziyoli musulmon sifatidagi tanlovi, xolos», — dedi u.






