Sal avval, taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikasiyalar fakulteti jurnalistika bo`limi magistranti Abdukarim Mirzaev joriy yilning 11 dekabr kuni turk polisiyasi tomonidan qo`lga olingani haqida xabar bergan edik.
Jurnalist o`ziga tegishli telefon raqami orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo`lganlikda gumonlanib, polisiya tomonidan qo`lga olingan, keyinroq qo`yib yuborilgan. Hech qanday ayblov isbotlanmagan bo`lsa-da, Abdukarim Mirzaevni deportasiya qilish to`g`risida qaror chiqarilgan.
Abdukarim Mirzaev bilan bog`liq holatga aniqlik kiritish, uning qo`lga olinishida O`zbekiston tomonidan rasmiy so`rov bo`lgan yoki bo`lmaganini bilish uchun Qalampir.uz Bosh prokuratura va Tashqi ishlar vazirligi bilan bog`landi.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma`lum qilishicha, O`zbekiston tomoni Mirzaevning qo`lga olinishi bo`yicha so`rov bermagan. Mamlakatda unga nisbatan hech qanday jinoyat ishi ham ochilmagan.
“Bosh prokuraturada Mirzaev Abdukarimga nisbatan jinoyat ishi mavjud emas. Qidiruv ham e`lon qilinmagan”, degan Shamsutdinov.
TIV esa hozirda ishni o`rganayotganini va tez orada rasmiy bayonot bildirilishini ta`kidladi.
Ma`lumot uchun, Abdukarim Mirzaev jurnalist, kinorejissyor va bloger. U 2010 yilda Qirg`izistonda yuz bergan voqealarni yoritib bergan “Dardga davo istab” filmi bilan mashhur bo`lgan. U jurnalistik faoliyati davomida “Poytaxt”, “Zamin” radiolari, “Yoshlar” teleradiokanalida ishlagan. So`nggi vaqtlarda u YouTuebe`dagi diniy, falsafiy va ijtimoiy chiqishlari bilan yaxshi tanilgandi.






