AsosiyJamiyat

Birja savdolarida AI-80 rusumli benzin narxi qimmatlashdi

'Birja savdolarida AI-80 rusumli benzin narxi qimmatlashdi'ning rasmi

2020 yilning 1-18 dekabrida O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining ochiq birja savdolari orqali 2,8 trln so`mlik tovar resurslari sotildi. Bu o`tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 33% ga ko`pdir, deyiladi uzex.uz xabarida.  Sotuvchi va xaridorlar shaffof birja savdolarida erkin ishtirok etishgan.

Ko`rib chiqilayotgan davrda birja savdolari orqali 100,3 ming tonna texnik paxta chigiti va 7,1 ming tonna paxta yog`i sotildi. O`tkazilgan savdolar natijasida paxta yog`ining o`rtacha narxi joriy yilning noyabr oyiga nisbatan 3,7% ga pasayib, mahsulotning bir tonnasi uchun 12 578,6 ming so`mni tashkil qildi (1 litri – 11 572,3 so`m).

Dekabr oyida birja savdolariga 315,3 ming tonna sement mahsulotlari qo`yilgan bo`lib, bu joriy yilning noyabr oyiga nisbatan qariyib ikki marotabaga kamdir. Shu bilan birga, sementning o`rtacha boshlang`ich narxi sotuvchi korxonalar tomonidan o`rtacha 455,1 ming so`mdan 472,8 ming so`mga, ya`ni 4% ga ko`tarildi. Natijada sementning dekabr oyidagi o`rtacha narxi joriy yilning noyabriga nisbatan 6% ga o`sib, mahsulotning bir tonnasi uchun 559,5 ming so`mni tashkil qildi.

Xuddi shunday AI-80 rusumli avtomobil benzini sotuvchilarining boshlang`ich bahosi ham noyabr oyiga nisbatan 8,5% ga ko`tarilib, o`rtacha 5 691 ming so`mni tashkil qildi. O`z navbatida benzinning birjadagi narxi mos tarzda 8% ga o`sdi va mahsulotning bir tonnasi uchun 5 731,7 ming so`mni tashkil etdi (benzinning bir tonnasi o`rtacha – 1293-1370 litr).

Shuningdek, dekabr oyida O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida oltinning sotuvi bo`yicha maksimal ko`rsatkich qayd etildi. Xususan, birja savdolari orqali 75 kg oltin sotilib, qimmatbaho metallning bir grammi o`rtacha 615,9 ming so`mni tashkil qildi.

    Boshqa yangiliklar