Bundan bir oy oldin Darakchi.uz muxbirining rejissyor Rustam Sa`diev bilan uyushtirilgan intervyusida “Baron” filmi “qaroqchilar” qo`liga chiqib ketishi to`g`risida o`z fikrini bildirgandi.
— Nasib qilsa “Baron” “Sotqin” kabi qo`lga chiqib ketmaydi. Hamma yo`l qo`ygan kamchiliklarimizni tahlil qilib shunga yarasha chora-tadbirlarni qilib qo`yganmiz.
Biroq namoyishi boshlanganiga atigi bir hafta bo`lgan film qo`lga chiqib ketgani haqidagi ma`lumotlar tarqaldi.
Mazkur vaziyatga rejissyor “Qalqmpir.uz” saytiga quyidagicha izoh berdi:
— Filmning diski tarqab ketganidan xabarim bor. Biroq video "qaroqchilar”ning qo`lidagi disk katta ekranlarda namoyish etilayotganidan ancha farq qiladi. Filmning xomaki nusxasi bozorlar va disk do`konlarida sotilyaptimi yoki yo`q, bunisidan xabardor emasman. Lekin bu ishlar shunchaki javobsiz qolmasligi tayin. Mendan “Baron”ning ikkinchi qismlarini suratga olasizmi, deb juda ko`p so`rashyapti. Filmning davomini suratga olishim va o`zbek kinosining yanada rivojlanishi, shubhasiz kinoteatrlarga kelayotgan tomoshabinlarga bog`liq. Menimcha, o`zini hurmat qilgan, yuzlab kishilarning mehnatini qadrlaydigan asl tomoshabinlar filmni kinoteatrlarga kelib tomosha qilishadi.
Avvalroq Alisher Navoiy nomli kinosaroyda “Baron”ga bir haftada 324 million so`mlik chipta sotilgani haqida xabar bergandik. Eslatib o`tamiz, "Baron"ning byudjeti 1,5 milliard so`mni tashkil qiladi.





