AsosiyDunyo

Afg`onistondagi portlashda besh nafar shifokor halok bo`ldi

'Afg`onistondagi portlashda besh nafar shifokor halok bo`ldi'ning rasmi

22 dekabr seshanba kuni Afg`oniston poytaxti Kobul shahridagi yo`llardan birida portlash sodir etildi. Natijada, qamoqxonada ishlovchi 5 nafar shifokor vafot etgan. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.

Portlash yuz bergan paytda shifokorlar mamlakatdagi eng katta qamoqxona hisoblanuvchi Pul-i-Charxi qamoqxonasiga ketishayotgan bo`lgan. Bu qamoqxonada ko`plab Tolibon vakillari ham saqlanadi. Ammo, Tolibon ushbu portlashga aloqasi yo`qligini ma`lum qilgan.

Afg`oniston Sog`liqni saqlash vazirligi vakili Ma`suma Jafarining aytishicha, qurbonlar orasida qamoqxonada koronavirus tarqalishini nazorat qilish bilan shug`ullanadigan uch shifokor ham bo`lgan bo`lib, ularning ikkitasi ayollar edi.

«Bugun insoniyat dushmanlari tinchlikparvar sifatida tanilgan sog`liqni saqlash xodimlarimizni nishonga oldi. Bu juda achinarli holdir» deydi Jafari.

Ayni paytda Afg`oniston sog`liqni saqlash tizimi urush tufayli yarador bo`lgan odamlar va COVID-19 bemorlari bilan to`lib toshmoqda. Afg`onistonda so`nggi 24 soat ichida 16 kishi koronavirus sabab olamdan o`tgan.

    Boshqa yangiliklar