O`zbekiston madaniy meros haftaligining mehmoni, taniqli rejissyor va prodyuser Jahongir Fayziev o`zining eksklyuziv intervyusida «O`zbekkino» Milliy agentligi bilan hamokrlikdagi qo`shma loyihasi haqida so`zlab berdi. Shuningdek, Toshkent kinofestivalining qayta tiklanishi haqida, O`zbekiston madaniy merosini saqlash va mamlakat tarixidagi yangi Renessans davrining ahamiyati to`g`risida ham o`z fikrlarini bildirib o`tdi. Quyida taniqli rejissyor bilan tayyorlangan intervyu bilan tanishishingiz mumkin.
– Siz Toshkentda Toshkent kinofestivalining qayta tiklanishi haqidagi xabarni qanday baholaysiz?
– Bilasizmi, menimcha, aslida muhimi bu emas. Har qanday kinofestival – bu bayram, quvonchli voqea, lekin menimcha, eng muhimi, bugungi kunda madaniyatga bo`lgan munosabatning o`zgargani va bu, mening fikrimcha, odamlarga bo`lgan munosabatning va mamlakat ichkarisida sodir bo`layotgan barcha jarayonlarning o`zgarganini bildiradi. Bu erga kelib ko`rganlarim, men suhbatlashgan odamlarga qarab yoki sizning Bosh vazir o`rinbosaringiz ancha yosh ekanligidan kelib chiqib xulosa qiladigan bo`lsam, bularning barchasi kishiga o`zgacha quvonch bag`ishlaydi va, nihoyat, geografik joylashuvi, mehribon, iste`dodli va xayrixoh odamlari tufayli O`zbekiston o`zi munosib bo`lgan zaruriy o`zgarishlarga erishishiga umid uyg`otadi.
– Siz O`zbekiston farzandi sifatida ushbu haftalikning mavzusini qanday angladingiz, O`zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori, deganda nimani tushundingiz?
– Men Men Renessans davri atigi ikkita bo`lganiga ishonmayman, o`ylashimcha, bunday davrlar ko`p bo`lgan. O`zbekiston xalqi bunday davrlar, taraqqiyot faslining bir nechtasini boshidan kechirgan. Renessans odamlar ongida madaniyat, fan va xalqqa bo`lgan dunyoviy munosabatlar bilan bog`lanadi. Dunyoviy munosabatga fikr erkinligini ta`minlamay turib erishish mumkin emas, chunki fikr erkinligi vijdon erkinligiga, vijdon erkinligi diniy bag`rikenglikka olib keladi, u esa o`z navbatida jamiyatni to`liq demokratlashtirish sari etaklaydi. O`zbekiston o`zida bor boylik – betakror iqlimi, saxovatli quyoshi, mevalari, barcha iqlimiy hududlari, insonlarining mehnatsevarligi va ochiqko`ngilliligi bilan dunyo reytingida eng yuqori o`rinlarni egallashga loyiq mamlakat, deb hisoblayman.
– Buyuk ipak yo`li haqidagi loyiha to`g`risida gapirib bersangiz. Bu loyiha O`zbekiston madaniy merosini saqlash va ommalashtirishga qanday hissa qo`shishi mumkin?
– Buyuk ipak yo`li kabi noyob madaniy hodisa – shunday davrki, u dunyoga juda ko`plab buyuk insonlarni va mutafakkirlarni etishtirib bergan. Bu haqda badiiy filmlar ishlash ancha mushkul, ammo bu haqda ilmiy asarlar yozish, hujjatli filmlar yaratish juda muhim. Hozirgi kunda o`zining qobig`ida yashayotgan odamlarda ota-onasi pul topish ilinjida og`ir mehnat qilishga majbur bo`lgan qaysidir bolada kelajakning Al-Xorazmiysi yoki Ulug`begining tafakkuri bo`lishi mumkinligiga ishonch uyg`otish kerak. Biz bekorchi xayollar bilan osmonlarda uchib yurmay, o`z dunyomizda o`zimizni inson sifatida his qilib yashashga haqli ekanimizni his qilishimiz uchun ishonch bo`lishi kerak.
Har qanday ulkan voqelik singari, Buyuk ipak yo`li hodisasini ham qandaydir bir uslub bilan yoritib bo`lmaydi. Shuning uchun biz uni loyiha deb atadik va unda badiiy film, muayyan jurnalistik dasturlari, turli xil maqolalar va boshqa manbalar turkumi qamrab olinishi kerak. Buyuk ipak yo`li bir necha asrlar davomida mavjud bo`lgan, bu erda o`z-o`zidan har 30–50 yilda hayotda ham, mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarda ham juda ko`p o`zgarishlar yuz bergan. Ushbu davrlarning har biri alohida e`tiborga loyiq va biz hozir ushbu g`oya va mavzuni yanada to`liqroq ochib berish ustida bosh qotirayapmiz.






