Organizmdagi ba`zi o`zgarishlar yurak faoliyati bilan bog`liq noxushliklardan darak berishi mumkin. Biroq yurak qurmag`ur hech qanday ogohlantirishsiz, kutilmaganda ham zarba berib qolishi hech gap emas. Bu vaqtda uyda yolg`iz, yohud ko`cha-kuyda ketayotgan bo`lsangiz birinchi yordam ko`rsatishni bilasizmi? Tavsiyalar shu haqida.
Yurak bezovtaligini sezdingizmi, yaxshisi tez yordam xizmatiga qo`ng`iroq qiling-da, yotgan holatda tinchlanishga harakat qiling;
Ahvolingiz yomonlashib borayotgandek tuyulsa, nitrogliserinning bitta tabletkasini qabul qilish mumkin. Tabletka til ostiga qo`yilib, sekin-asta so`rilishi kerak;
Nitrogliserin qabul qilgach, joyingizdan qo`zg`almang. Dori ta`sirida bosh aylanishi mumkin.
Yurak xuruj qilgan kishiga birinchi yordam berishni bilasizmi?
Yo`l-yo`lakay bekatda turgan kishining mazasi bo`lmay, yuragini changallab turganiga ko`zingiz tushsa shunchaki o`tib ketmang. Tez yordam xizmatiga sim qoqib, shifokor kelgunicha birinchi yordam ko`rsating. Buning uchun «bemor» ning yoqasini bo`shatib, erkin nafas olishi uchun sharoit hozirlang. Ust-boshi zich yoki tugmali, kamarli bo`lsa, qon aylanishini yaxshilash uchun ularni ham engillashtiring.
Ertalab ko`proq xuruj qiladi
Infarkt yuzaga kelayotganida yurak sohasida sanchiqli og`riq paydo bo`ladi. Og`riq hissi chap qo`l, elka va kurakka ham tarqaladi. Shuningdek, ko`krak qafasida tushunarsiz bezovtalik, jag`da og`riq kuzatilishi ham mumkin;
Bezovtaliklarni engillashtirish uchun dori qabul qilinganida aks ta`sir yuzaga kelishi ham mumkin. Masalan, nitrogliserindan keyin ham ahvolingiz o`nglanmaydi. Bu infarktga hos hodisalardan biri;
Yurak betoqat bo`lganida vahima hissi paydo bo`ladi. Chunki bu vaqtda stress gormonlari faollashadi. Shu bois ham yuz rangi oqarib, tanani sovuq ter qoplaydi;
Yurak xurujlari asosan ertalabki vaqtda sodir bo`lishi ko`p kuzatilgan. Chunki bu paytda buyrak osti va stress holatini yuzaga keltiruvchi gormonlar faol bo`ladi;
Tavsiya etilmaydi!
Zo`riqib yo`talish mumkin emas. Hatto yo`tal yuzaga kelsa ham tinchlanib, organizmni zo`riqtirmaslik zarur;
Qurquv hissi bemorning umumiy ahvoliga nojo`ya ta`sir etadi. Vahimaga berilish qon bosimi, bosh og`riqlari va nafas qisishiga ham sabab bo`lishi mumkin. Bunday vaqtda tinchlanib, to`g`ri nafas olishga harakat qilish to`g`ri bo`ladi.
Oddiy ko`ringan tavsiyalarni yaqinlaringiz bilan bo`lishsangiz, axborot almashinuviga hissa qo`shgan bo`lasiz. Bu esa yurak xurujiga uchragan bir necha bemorning hayotini saqlab qolishga yordam beradi.