26 dekabr kuni Misr poytaxti Qohiradagi kasalxonalardan birining reanimasiya bo`limida yong`in kelib chiqdi. Oqibatda, bu bo`limda koronavirusdan davolanayotgan etti nafar bemor vafot etdi. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
Mahalliy polisiyaning xabar qilishicha, ushbu yong`inda kamida besh kishi jarohat oldi. Yaradorlar va boshqa bemorlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga evakuasiya qilingan.
Hozirda polisiya va prokuratura yong`in sabablarini tekshirmoqda. Dastlabki xulosalarga ko`ra, yong`in elektr tokining qisqa tutashuvi sabab yuzaga kelgan.
So`nggi paytlarda Misrda koronavirusga chalinish bo`yicha yangi holatlar keskin oshib bormoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi 25 dekabr kuni mamlakat bo`ylab 1113 kishining koronavirusga chalinganligi va yana 49 kishining vafot etganini xabar qildi. Bu Misrda koronavirus bo`yicha kunlik rekord natija hisoblanadi. Hozirda Misrda COVID-19 ga chalinganlarning umumiy soni 130 126 tani, qurbonlar soni esa 7309 tani tashkil qilmoqda.






