2020 yilning 27 dekabr kuni Muzrabot tumani, "Obi hayot" mahallasida yashovchi fuqarolarning elektr energiya ta`minotidagi uzilishdan norozi bo`lib, ko`chada balon yoqishayotgani holati aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan tuman tuman hokimligi munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, 25 dekabr kuni mahalla hududidagi 630 kVA kuchlanishga ega transformatorning ishdan chiqishi oqibatida elektr ta`minotida uzilish yuzaga kelgan.
26 dekabr kuni bu erga quvvati 400 kVA kuchlanishga ega boshqa transformator o`rnatilgan. Ammo sovuq ob-havo tufayli elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojning keskin ortishi natijasida ushbu uskuna ham ishdan chiqqan.
Tuman hokimligi axborot xizmatidan olingan ma`lumotga ko`ra, "Obi hayot" mahallasida 545 ta xonadon bo`lib, hududdagi 630 kVA kuchlanishga ega transformatorning 25 dekabr kuni ishdan chiqishi oqibatida 165 ta xonadonning elektr ta`minotida uzilish yuzaga kelgan.
Hozirda muammo bartaraf etilgan. 27 dekabr kunining o`zida 630 kVA kuchlanishga ega yangi transformator o`rnatilib, aholi elektr energiya bilan ta`minlangan, deyiladi Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma`lumotda.






