Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan turli nayranglarni ishlatib, noqonuniy daromad ilinjida bo`lgan fuqarolarga nisbatan keskin choralar ko`rib kelinmoqda.
Jumladan, Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi xodimlari tomonidan, O`zbekiston Respublikasi DXX xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda, Toshkent shahar, Yunusobod tumani hududida tezkor tadbir o`tkazildi.
Tadbir davomida, Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi xonadonlarning biri xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida, mazkur uyda fuqaro X.X. tomonidan muqaddam yashirin sexlarda tayyorlanib olib kelinib, keyinchalik qadoqlab qayta sotish maqsadida tayyorlab qo`yilgan, umumiy qiymati 294,3 million so`mlik, qadoqsiz holdagi 153 kg. tabletkalar, 166 dona qutida 9960 dona “ZINC+ vitamin S” nomli dori vositalari, 24 qutida “Magniy B6” nomli dori vositalari hamda 70 000 dona “ZINC+ vitamin S” nomli etiketkalarini noqonuniy saqlab kelayotganligi aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.