Tinch yurtga bayramlar, shodu – xurramliklar yarashadi. Shuning uchun bo`lsa kerak xalqimizning yaxshi kunlari doimo san`atkorlar ishtiroki bilan o`tadi. Agar e`tibor bersak dunyoning olovli nuqtalari u yoqda tursin, tinchlik hukm surayotgan qo`shni davlatlarda ham bizning yurtimizdagi kabi konsertlar ketma-ketligi kuzatmaymiz. Buning asl sababi xotirjamlik bo`lsa, ikkinchi tomondan davlatimiz tomonidan san`at ahliga yaratilgan imkoniyatlar bilan baholash mumkin. Yana shunisini g`urur bilan aytish lozimki, el ardog`idagi xonandalarimiz bir oylab jonli ijroda konsert beradi. Bular hammasi bizning yutuqlarimiz. Ammo shu o`rinda ba`zi bir kamchiliklar mavjudki, ularni chetlab o`tishning hech bir iloji bo`lmadi.
Xullas mavzuga qo`l urishimga, kuni kecha poytaxtimizdagi ko`plab konsertlarga mezbonlik qiladigan “Istiqlol” san`at saroyi kassasiga borganim sabab bo`ldi. Atrofga bannerlarga nazar solsangiz qish mavsumi san`atkorlarimiz uchun ish mavsumi ekanda, degan xulosaga kelasiz.
San`at saroyi kassalari tuynuklarida esa deyarli 2016 yilning fevral va mart oyida bo`ladigan konsertlarga chiptalar sotuvi yo`lga qo`yilgan.
Har bir tuynuk qarshisida tumonat odam. Kimdir narx-navodan norozi, kimdir chipta ololmaganidan fig`oni falakda. Boshqa birov esa, ikki sevimli xonandasining konsert kunlari bir-biriga yaqinligi uni ikkilantirayotganidan noliydi.
Fevral oyida Xalq artisti unvoni sohibasi Gulsanam Mamazoitova jonli ijrodagi dasturi bilan o`z shinavandalarini kutadi. Chiptalar narxi 8 ming so`mdan 80 ming so`mgacha qilib belgilangan. Kuzatuvchi sifatida e`tibor berganimizda uning talabgorlari asosan ayollar va viloyatdan tashrif buyurganlar ekanligini ko`rdik. Negadir o`sha kuni Gulsanamni tinglamoqchi bo`lgan yoshlarni uchratmadik. Balki talaba yoshlar dam olish soatlaridagina bunday ishlarini bajarishar, yana bilmadik.
- Gulsanamxonning konsertiga har yili kelaman, - deydi o`zini Mukarramxon deya tanishtirgan farg`onalik muxlis. - Doim dugonalarim bilan konsert kuni kelib, chiptani “qora bozor”dan harid qilardik. Bu gal o`zim Toshkentga yo`lim tushgani uchun kassaga keldim. Yaxshiroq joydan ola qolay desam, 70-80 ming so`m deyishdi. Juda qimmat. Yo`l pulimiz, ovqatimiz, mehmonxona xarajati va konsert chiptasining narxi, nabiralarga Toshkentdan ul-bul olish bilan bir oylik nafaqa pulimni tugatarkanman. Shu konsert tashkilotchilari narxlarni arzon xamyonbop qilishsa, yaxshi bo`lardi.
Ketma-ketlikda turgan Hulkar Abdullaeva konsertining chipta narxlari bilan ham qiziqdik. 8 mingdan 80 ming so`mgacha narx belgilangan. Chiptalar ham sanoqli qolgan. Chiptalar asosan Xorazm va vohalik muxlislar tomonidan olinyapti.
Aynan Hulkarning konsertiga chipta sotib olayotgan ayolni suhbatga tortdim.
- Opa, Hulkarning muxlisimisiz? Chiptani 80 ming so`mligidan oldingiz qimmatlik qilmadimi?
- Hulkarning konsert berganiga ancha bo`ldi. Sog`inganmiz. Oilaviy tushmoqchimiz. Kelinim, o`g`lim, men va turmush o`rtog`im bilan birga shuning uchun 4 ta bilet oldim. Narx sal qimmat ammo, plastik kartochkam borligi uchun olaverdim. Naqd bo`lganida og`irlik qilardi.
O`zi asli xorazmlikman , hozir Toshkentda yashayman. Yurtimning ohanglarini Hulkarchalik hech kim ijro etolmaydi-da. Yurt sog`inchini balki shu konsert qondirar.
Opa-singil Asalxo`jaevalar ham fevralning o`rtasida o`zlarining duet konsertlari bilan “Istiqlol”ni muxlislarining gavjum tashrifi bilan to`ldirishni niyat qilishgan. Narx 10 ming so`mdan 80 ming so`mgacha. Bu kassaning tuynugi qarshisida ham odamlar navbat kutib turishibdi. Chipta olishga ulgurmaganlar shoshilishsa bo`lardi. Tugasa keragov?
Rayhon o`zining besh kunlik shou-konserti bilan aynan shu oy muxlislarni xushnud etishni rejalashtirgan. Uning kassasi atrofida asosan 25 yoshgacha bo`lganlarni uchratish mumkin. Eng qizig`i chipta narxlari “osmonda”! Agar siz Rayhonni yaqinroqdan ko`rgingiz kelsa, 180 ming so`mga(!) chipta olishngizga to`g`ri keladi. Biroq bu joylar allaqachon sotib bo`lingan. Uni ko`rish uchun oxirgi narx va balkonning oxiri 10 ming so`m!
Kassa oldida jig`ibiyron bo`layotgan yoshlarga yuzlandik.
- Rayhonning konsert bileti umuman qimmat! Oldinroq qatordan joy olaman desam, 130 ming so`m deyishyapti. Arzoni qolmagan. Suhbatimizga talaba qiz ham aralashdi.
- Rayhonning muxlisiman. Ammo boshqa konsertlarga qaraganda 100 ming so`mga qimmat ekan. Nima uchun narxlar har xil? Bunga kim mas`ul. Boshqa konsertlarning chiptalari narxi 80 ming so`mdan boshlanibdi. Bu nimasi?!
Shu masala yuzasidan kassadagi sotuvchiga murojaat qildik.
- Chipta narxini biz qo`ymaymiz. Men oddiy sotuvchiman. To`g`ri, uzoqdan keluvchilar uchun qimmatdir ammo konsert tashkilotchilari bilan gaplashganingiz ma`qul. Chipta narxlari nega bunaqa summadaligini men aytolmayman. Menimcha, ayrim konsertlarga o`xshab qimmat emas.
Masalaga jurnalistik tahlil qilish uchun konsert tashkilotchilarining raqamlariga bir necha bor qo`ng`iroq qildik. Ammo telefon raqamlari doim band.
Muxlislarning talabi bir tomondan to`g`ri. Negaki, konsert chiptasi juda qimmat. Nega “juda” degan urg`uni beryapmiz? Oddiy arifmetik tahlil qilib ko`raylik. Yurtimizda eng kam oylik ish haqi 130 ming 240 so`m. Birgina 2 soatlik konsertning chipta narxi esa 180 ming so`m!
Deylik, Andijondan biror muxlis konsert tomosha qilish uchun Toshkentga keladigan bo`lsa, Andijon-Toshkent taksi puli bir kishiga o`rtacha 40 ming so`m, kelib-ketish 80 ming so`m. Samolyot esa ancha qimmat, poezdning iloji yo`q. Avtobus va marshurutkalar qatnovi ham Qamchiq dovoni uchun mo`ljallanmagan. Toshkentga kelgach va yo`ldagi eb-ichish uchun o`rtacha 50 ming so`m ajratsak, chiptani 180 ming so`mga olsak... Rayhonning haqiqiy muxlisiga uni ko`rish naq o`rtacha hisobda 310 ming so`mga tushsa-ya?
Bu turishda kassaga kelib, bemalol hassada ketishingizga to`g`ri keladi.
“Handalak” kulgu jamoasi ham o`z muxlislarini bu yilgi dasturi bilan kutib oladi. Ularning “narxlari” “tepasi” 70 ming so`mdan boshlanib pasti 10 ming so`mgacha. Ammo kassa tuynugi oldida biror odamni uchratmadim. Vaholanki, ular ham fevral oyining oxirida konsert berishyapti.
Mart oyiga ham deyarli har kuni konsert bannerlari osilgan, Xalqaro xotin-qizlar kuni Zulayho Boyxonova, undan keyin Ravshan va Farruh Komilov, Navro`z ayyomi kunlarida jonli konserti bilan Shuhrat Qayumov, Dildora Niyozovalar...
U yog`i turnaqator boshqalar! Mana sizga bugungi kunga qadar ma`lum bo`lgan konsertlar... va chipta narxlari. Hoxlaganingizga tashrif buyurishingiz va miriqib hordiq chiqarib ketishingiz mumkin, faqat cho`ntak ko`tarsa bo`lgani.
Yodgorbek YuKSAL "Sabo" nashri uchun tayyorladi





