28-29-30 dekabr kunlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, Esports Uzbekistan, Full Level Esports hamda UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallari hamkorligida tashkil etilgan «Yangi yilga sport bilan!» shiori ostidagi ommaviy sport festivali hozirgina yakuniga etdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar qilgan.
Bugun yurtdoshlarimiz yilning eng yirik loyihalari – shaxmat bo`yicha onlayn O`zbekiston chempionati hamda kibersport bo`yicha “Uzbekistan Online Cup” musobaqalarining Grand Final g`oliblarini bilib olishdi.
Musobaqa yakunlariga ko`ra, shaxmat bo`yicha onlayn O`zbekiston chempionatida birinchilikni Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi 10 yoshli Humoyun Bekmurodov qo`lga kiritdi va Spark avtomobili bilan taqdirlandi.

Shuningdek, umumiy jamg`armasi 100 million so`mdan ziyod bo`lgan kibersport musobaqasi g`oliblariga ham sovg`alar topshirildi.
Kunning eng kulminasion voqeasi – murakkab sharoitda kechgan 2020 yilning «Eng yaxshi sportchisi» nominasiyasiga dzyudo bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Davlat Bobonov munosib ko`rildi.
Qolgan nominasiyalarda g`oliblar quyidagicha ko`rinish oldi:
«Yilning eng yaxshi treneri» – Roman Shakirov, sambo bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi;
«Yilning eng yaxshi sport shifokori» – Sunnatilla Yo`lchiev, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi sport travmatologi;
«Yilning eng yaxshi sport tashkiloti» – O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi.
Taqdirlash marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov , Milliy Olimpiya qo`mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va boshqa mutassadilar ishtirok etishdi.

